Shanxay iqtisodiy emas, harbiy blokka aylanmoqda

O’zbekiston matbuotida Xitoy Xalq Respublikasi raisining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga doir matbuot anjumani keng yoritilmoqda.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov va Xitoy Respublikasi rasmiy vakili Li Chanchun bilan uchrashuvda O`zbekiston-Xitoy aloqalari rivoji, parlamentlar va siyosiy tashkilotlar o`rtasida hamkorlikni yo`lga qoyish masalalari muhokama qilingan.

Islom Karimov Xitoy bilan aloqalarning O`zbekiston uchun o`ta manfaatli ekanligini, shuningdek, o’zaro aloqalar Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ham rivojlanib borayotganligini aytgan.

Xitoy rasmiy vakilining O`zbekistonga tashrifi Shanxay Hamkorlik Tashkilkotiga a`zo davlat rahbarlarining 15 iyunga rejalashtirilgan sammiti arafasida o`tmoqda.

Xitoy rasmiysi tashrifi davomida O`zbekiston parlament vakillari bilan ham uchrashuv o`tkazgan.

Mahalliy matbuotda yana Xitoy Xalq Respublikasi raisi Xu Tsintaoning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti oldidan uyushtirgan matbuot anjumaniga ham keng o`rin berilmoqda.

Xitoy rahbarining ta’kidlashicha, sammitda muhum hujjatlar imzolanadi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bir davlatga qarshi qaratilmagan; uning asosiy maqsadi iqtisodiy aloqalar, mamlakatlar taraqqiyoti yo`lida hamkorlikdir.

Ma`lumotlarga ko`ra, tashkilot doirasida 100 dan ortiq qo`shma loyihalar belgilangan. Transport, bojxona va energetika sohasida faoliyat yurituvchi ishchi guruhlar tashkil etilgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ijrochi kotibi Chan Deguan ham bu borada Shanxay tashkiloti harbiy yoki uchinchi bir davlatga qarshi siyosiy blok bo`lmasligini ta’kidlab o`tgan edi.

Rasmiylar tomonidan berilayotgan bu bayonotlarga qarshi o`laroq, kuzatuvchilar Shanxay tashkilotini mintaqada G`arbning ta`sirini cheklashga qaratilgan siyosiy uyushma sifatida ko`rishadi. Ular nzarida hozirgacha bo’lgan amaliyot Shanxay tashkilotini iqtisodiy emas, balki siyosiy tashabbuslar o`laroq tanitgan.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra, o`tgan yilgi sammitda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o`z vakolatidan tashqariga chiqib, AQShdan Markaziy Osiyodan o’z qo`shinlarini olib chiqib ketishni talab qilgan.

Siyosatshunosga ko`ra, bu harakatlar Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ko`zda tutgan maqsadlarni aniq ifodalaydi.

Ekspert Bahodir Musayev fikricha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi iqtisodiy hamkorlik tashabbuslari hozirgacha faqat deklaratsiya sifatida qolmoqda.

Ekspertga ko`ra, tashkilotning geosiyosiy maqsadi mintaqadan boshqa kuchli davlatlarni siqib chiqarish va agar shunday bo`ladigan bo`lsa, mintaqa uchun kurash keyinchalik, tashkilotning ikki asosiy a`zosi Xitoy va Rossiya o`rtasida davom etishi mumkin.

“Xitoy ham, Rossiya ham o`z maqsadlariga erishish uchun mintaqadagi har qanday rejimni qo`llab-quvvatlashga tayyor. Bu esa, xususan O`zbekistondagi avtoritar tuzumni saqlashga, mamlakatdagi o’gir ijtimoiy ahvolni davom etishiga xizmat qilmoqda”, - deydi Bahodir Musayev.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, Shanxay tashkilotining O`zbekiston va Belarusdagi murakkab vaziyat haqida hech narsa demayotgani ham bu tashkilotning, asosan, avtoritar davlatlarni qo`llab-quvvatlayotganidan dalolatdir.

15 iyunda Shanxayda o’tadigan sammitda tashkilotga a`zo davlatlardan tashqari, kuzatuvchi maqomiga ega bo`lgan Mo`g`uliston, Hindiston, Pokiston va Eron kabi davlat rahbarlarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.