O’zbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga kirish uchun 1994 yilda murojaat qilgan, lekin bu harakat hozirgacha boshlang’ich darajada qolmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, O’zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish jarayoni hukumatning siyosiy irodasiga bog’liq.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining Jahon Savdo Tashkilotiga a`zo bo`lisihda texnik ko`mak ko`rsatish loyihasi direktori Umida Haqnazarga ko’ra, O`zbekiston va Jahon Savdo Tashkiloti o`rtasidagi muzokaralarni to'xtab qolgan deb bo`lmaydi.
“Hozirgacha Jahon Savdo Tashkiloti va O`zbekiston o`rtasida ikki tomonlama va ko`p tomonlama muzokaralar o`tkazilgan, hukumatda vaziralar va vazirlar o`rinbosari darajasidagi komissiya ish olib borayapti, hamda to’qqizta ishchi guruhi tuzilgan”, - deydi u.
Umida Haqanazarga ko`ra, Jahon Savdo Tashkilotiga a`zo bo`lish uchun O`zbekiston hukumatidan talab qilinadigan omillar asosan milliy tartib-qoidalarni xorijiy va mahalliy korxonalar uchun bir xilda muvofiqlashtirish, import va eksport uchun tariflarni muvozanatda saqlash, savdo va ishlab chiqarish imkoniyatini barchaga teng qilish, tadbirkorlar huquqlarini xalqaro me`yorlarda kafolatlashdir.
Jahon Savdo Tashkilotiga a`zo bo`lish O`zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta'sir ko`rsatishi, xususan mahalliy sanoatning rivojlanishiga to`siqlar bo`lishi mumkinligi haqida mutaxassislar turlicha fikrda.
Umida Haqnazarga ko`ra, Jahon Savdo Tashkilotiga kirish O`zbekiston iqtisodiyoti uchun foyda bo'ladi. Jarayon savdo va iqtisodiy rivojlanishga to`sqinlik qilayotgan holatlarga barham beradi va O`zbekiston iqtisodiyoti dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida qabul qilingan xalqaro me’yorlar asosida ishlay boshlaydi.
Bundan tashqari Jahon Savdo Tashkiloti nizomida rivojlanayotgan davlatlarga yordam ko`rsatish, tashkilotga a`zo bo`lishning xorijiy sarmoyadorlar uchun kafolat sifatida tushuniladi. Bu esa sarmoyaga muxtoj bo`lgan O`zbekiston iqtisodiga qoshimcha mablag`lar jalb qilishi mumkin.
Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo`lat Yo’ldoshevga ko`ra, O`zbekistonning tashkilotga qo`shilish harakati shunchaki tashabbus ko`rinishidagina qoladigan jarayondir.
“O`zbekistonda bojxona tariflarining 90 foizga borishi, chegaralarning minalashtirilgani va yopiqligi nafaqat Jahon Savdo Tashkiloti, balki mintaqa darajadagi savdo-sotiqlarga ham yo`l qo`ymaydi. Shuning uchun ham O`zbekistonni Jahon Savdo Tashkilotiga a`zo bo’lish harakati shunchaki bir gap darajasida qolaveradi”, - deydi u.
Hozirgacha Jahon Savdo Tashkilotiga a`zo bo`lish uchun Xitoy bilan bo`lgan muzokaralar eng ko`p - 15 yil vaqt olgan. O`zbekistonning murojaat qilganiga 12 yil bo`lgan.
Umuda Haqnazar berayotgan ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda Bojxona haqida yangi qonun tahriri, Mualliflik huquqi haqida qonun qabul qilinayotganligi mazkur jarayonlarni tezlashtirishi mumkin.
Markaziy Osiyoda faqat Qirg`iziston Jahon Savdo Tashkilotiga a`zo. Qozog`iston va Tojikiston tomonidan a`zo bo'lish uchun faol harakatlar qilinmoqda. O`zbekistonda esa Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorligi doirasida bojxona tariflarini muvofiqlashtirish jarayoni ham muammoga duch kelayotgani ta`kidlanmoqda.