Qirg'iziston xalqiga yangi konstitutsiya matni ko'rsatilmayapti

Shu oy boshida Qirg’izistonda bo’lib o’tgan norozilik namoyishlaridan so’ng prezident Qurmanbek Bakiyev o’z vakolatlarini cheklovchi yangi konstitutsiyani imzolashga majbur bo’lgan edi. Oradan ikki hafta o’tdi, biroq asosiy qonunning yangi matni hamon ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingani yo’q.

“Biz huquqiy maydonning doimiyligi va bus-butunliligini ta’minlashimiz kerak. Qurmanbek Bakiev davlat rahbari sifatida unga yoqadimi-yo’qmi, mamlakat bosh qonunini xalqqa e’lon qilishi kerak”, - deydi “Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun” koalitsiyasi rahbari Edil Baysalov.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev noyabr oyi boshida boshlangan muxolifat namoyishlari natijasida o’z vakolatlarini keskin cheklovchi konstitutsiyaning yangi tahririni imzolashga majbur bo’lgan.

2005 yil martda xalq g’alayonlari to’lqinida hokimiyat tepasiga kelgan prezident Bakiyevni islohotlar o’tkazishga majbur qilish maqsadida muxolif deputatlar yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqqan.

Edil Baysalovning fikricha, yangi tahrirdagi konstitutsiya davlat rahbari vakolatlarini cheklab qo’ygani prezident ma’muriyatiga yoqmayapti.

“Biz qabul qilingan konstitutsiyaning yangi tahririni buzib talqin qilishdan manfaatdor ayrim kuchlar bor deb hisoblaymiz. Ammo yangi konstitutsiya kuchga kirdi, shuning uchun ham qonun matni rasmiy ommaviy axborot vositalarida to’xtovsiz e’lon qilinishi kerak”, - deydi Edil Baysalov.

Yangi konstitutsiya qabul qilinishini jamoatchilik prezidentning mag’lubiyati, muxolifatning g’alabasi deb biladi. Bu, o’z navbatida, prezident va muxolifat tarafdorlari o’rtasida mojaro va ziddiyatlarga sabab bo’lmoqda.

“Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun” koalitsiyasi rahbari Edil Baysalov fikricha, Qirg’izistonda keyingi bir yil ichida barqarorlik o’rnatilishi kerak.

“Mavjud parlament, mavjud hukumat va mavjud prezident konstitutsiyaning yangi tahriri asosida ishlashni o’rganishi kerak. Bu hamma uchun ulkan tajriba va saboq bo’ladi”, - deydi Edil Baysalov.