Prezident Karimov muxolifat yaratish payida

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning siyosiy partiyalarni faollikka chaqirgani mamlakatda tan olingan partiyalar tomonidan olqishlanmoqda. Tan olinmagan muxolifat nazarida esa hukumat sun’iy oppozitsiya tuzish harakatida.

O`zbekiston prezidenti Oliy Majlisga Davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar faoliyatini kengaytirish haqidagi qonun loyihasini taqdim etgan.

Prezidentning qayd etishicha, siyosiy partiyalarning hal etuvchi kuchga aylantirishni hayotning o`zi talab qilmoqda, buning qonuniy yo`l – yoqriqlarini belgilash lozim.

Ayni paytda O`zbekistonda besh rasmiy siyosiy partiya mavjud, ularning barchasi prezident tashabbsini yuksak baholamoqda.

Bu partiyalarning birontasi o`zini hukumatga muxolif sanamaydi. “Fidokorlar” Demokratik partiyasining markaziy kengash raisi Olim Jo`rayevning aytishicha, demokratik blokka birlashgan “Fidokorlar”, “Adolat”, “O`zbekiston Liberal Demokratlar Partiyasi” muxolif emas.

Xalq Demokratik Partiyasi (XDP) vakillari muxolifligini e`lon qilgan. Biroq bu muxoliflikni aynan hukumatga muxoliflik sifatida tushunish qiyin.

XDPning Oliy Majlisdagi fraksiyasi raisi Asliddin Rustamovga ko`ra, muxoliflikni qonunchilik palatasida tuzilgan demokratik blokka nisbatan tushunish kerak, lekin bu hukumatga muxoliflik degani emas.

Asliddin Rustamovning bildirishicha, prezident tomonidan surilayotgan qonun loyihasi O`zbekiston konstitusiyasida muxolif partiyalar o`rnini va ularning vakoilatlarini aniqlab beradi.

Bu vakolatlar XDPni kelgusida hukumatga nisbatan muxolif partiyaga aylantirish mumkinmi degan savolga Asliddin Rustamov shunday javob beradi:

“Avval konstutsiyaviy qonun qabul qilinsin, keyin yangidan hukumat shakllantirilgandan keyin, shundan kelib chiqib biz o`zimizning siyosiy yo`nalishimizni belgilaymiz”.

Kuzatuvchilar nazarida O`zbekiston prezidenti siyosiy faollik faqatgina amaldagi muxolifat hukumat tomonidan tan olingandagina boshlanishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

O`zbekiston prezidentiga ko`ra, siyosiy partiyalarni faollashtirish haqidagi qonun loyihasi xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan va olqishlanmoqda.

Ayni paytda Adliya vazirligidan muxolif partiya sifatida ro`yxatdan o`tishga urinayotgan “Birlik” partiyasi Bosh kotibasi Vasila Inoyatovaning aytishicha, muxolifatga imkoniyat berilamayotgan bir paytda prezidentning siyosiy partiyalar faoliyatini kuchaytirish haqidagi fikrlarini navbatdagi uydirma sifatida qabul qilish mumkin.

“O`zbekiston Yevroparlament bilan bo`layotgan, AQSh bilan bo`layotgan muloqotlarida ham muxolifatdagi siyosiy partiyalarni ro`yxatdan o`tkazish haqidagi majburiyatini bajarmay kelmoqda. Bu O`zbekistonning butun dunyo oldida obro`sini tushirishga va shunday bir komissiyalar tuzib, uni tekshirishga, taqdirini hal etishga majbur qilmoqda”, - deydi Inoyatova.

Muxolifatdagi “Erk ” partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripovga ko`ra hukumat tomonidan ko`rsatilayotgan tazyiq to`xtamas ekan siyosiy faollik bo`lmaydi.

“Qonun nuqtai-nazaridan amaldagi muxolifat ta`qiqlangan ham emas, bekor ham qilinmagan. Qonuniy tashkilotlar. Lekin, hukumat g`ayriqonuniy ravishda, konstitutsiyani buzib, ularning ishlashiga yo`l bermayapti” , - deydi Oripov.

O`zbekiston prezidentining siyosiy partiyalarni faollashtirih borasidagi tashabbusi, kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabekka ko`ra, faqatgina sun`iy ravishda muxolifat tuzishni ko`zda tutadi.

“Hozirgcha rasmiy partiyalarning birontasi mustaqil ish olib bormagan, mustaqil ravishda hokimyatni egallash vazifasi hanuzgacha ularda yoq edi. Endi, O`zbekiston prezidentining o`zi kim-kimga muxolifat bo`lishini belgilab beradi. Masalan, XDP “Adolat ” hukumatga keladigan bo`lsa, unga muxolifat bo`lishi kerak. Lekin haligacha ular muxoliflikni na dasturda ko`radi, na siyosatda, chunki ular nomigagina muxolifat bo`ladi. Hozirgi oldinga surilayotgan dastur faqat sun’iy muxolifatni nazarda tutadi”, - deydi Isabek.

Tanqidchilar fikricha O`zbekiston konstitusiyasida muxolifat o`rni va kafolatlari belgilanagan taqdirda ham amaldagi muxolifat uchun bu konstitutsiyaviy huquqlardan foydalanish mumkin bo`lmaydi.