Qizil Xoch O'zbekiston qamoqxonalariga kirishga urinmoqda

Xalqaro Qizil Xoch jamiyati O`zbekiston qamoqxonlariga kirishga imkoniyat olish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda. Huquq himoyachilari nazarida Qizil Xoch jamiyatiga ruxsat berilgan taqdirda ham O`zbekistonda qiynoqlarga oid vaziyatni o`zgartirish mushkul.

Xalqaro Qizil Xoch jamiyati axborot, huquq va ta’lim bo`limining Markaziy Osiyo bo’yicha rahbari Pyer Dyutru fikriga ko`ra, rasmiy hukumat bilan yuritilayotgan muzokaralar natijasi yaqin kunlarda ma`lum bo`lishi kerak.

Janob Dyutruning so'zlariga qaraganda hukumat bilan muzokaralar davom etayapti. Lekin bu Yevropa Ittifoqi va Ozbekiston o`rtasidagi muzokaralar bilan bog`liq emas, deydi u.

"Jamiyat hukumat bilan muzokaralarni alohida olib bormoqda. O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Bryusselda bu haqda gapirgan bo`lishi mumkin. Agar Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan siyosatida Qizil Xoch jamiyati bilan hamkorlikni ham nazarda tutayotgan bo`lishi mumkin. Biroq men bu haqda ma`lumot bera olmayman”, - deydi Pyer Dyutru.

O`zbekistonda qiynoqlar yuzasidan muntazam tarzda xavotir bildirib kelinadi. Yaqinda BMT O`zbekistonda qiynoqlar qo`llash davom etayotganini yana bir bor ta’kidlab o`tdi.

Qizil Xoch jamiyatining O`zbekiton qamoqxonalariga borishi qiynoqlarga barham berishga qanchalik yordam berishi mumkin? Bu savolga Qizil Xoch jamiyatining vakili shunday javob beradi:

“Biz bir nechta qamoqxonalarda bo`lamiz. Sharoit qanday ekanini ko`ramiz. Albatta, muammo bo`lsa, uni hal etish uchun hukumat vakillari bilan gaplashamiz. Mahbuslarni saqlash sharoiti, issiq, sovuq suv bor-yo’qligi – bu ham ruhiy qiynoq bo’lishi mumkin”, -deydi Per Dyutru.

Uning aytishicha, vaziyatni ko'rib chiqqach, bu haqda hukumat vakillari bilan yopiq muloqot o’tkaziladi. Bu ma’lumotlarning hammasi mahfiy. Janob Dyutru bu haqda, ayniqsa, radio orqali gapira olmasligini aytadi.

Jamiyat vakilining aytishicha, xalqaro tashkilot asosan insonparvarlik loyihalari bilan shug’ullanadi. Hukumat organlari bilan faqat konfidentsial ravishda ishlaydi. Qamoqxonalardagi vaziyat haqida faqat ularga axborot beradi. Umumiy ahvol, ma’lumotlar jamoatchilik muhokamasiga havola qilinmaydi.

“Jamiyat dunyodagi ko`plab qamoqxonalarda bo`ladi. Qamoqxonalarga erkin kirish ta’minlanishi kerak. Bizning ishlash tartibimiz shunaqa. Bu har doim ham tushunarli bo`lmasligi mumkin”, - deydi u.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida boshlangan muloqotlar munosabati bilan tarqatgan bayonotida alohida ahamiyatga molik masalalar qatorida qiynoqlar muamosida to’xtalib o`tadi.

Bayonotda qamoqdagi huquq himoyachilariga munosabat keskinlashganiga e’tibor qaratiladi. Ma'lumotlarga ko`ra, qamoqda o`tirgan huquq himoyachilariga nisbatan ham turli qiynoqlarni qo`llash kuzatilmoqda.

O`zbekiston huquq himoyachilari uyushmasi vakili Adham Shoyimardonov fikricha, ayni paytda huquq himoyachilari boshqa mahbuslarga nisbatan qattiqroq rejimda saqlanmoqda. Ularga nisbatan talab kuchli. Turli uydirmalar qurboniga aylanib, tez-tez jazolanmoqda.

Ahdam Shoyimardonovning aytishicha, Qizil Xoch jamiyati qamoqxonalardagi umumiy vaziyatani yaxshilshga yordam berishi mumkin.

“Mazlum” inson huquqlari jamiyati rahbari A`zam Turg`unov fikricha, Qizil Xoch jamiyati ayrim insonparvarlik yordamlarini ko’rsatish bilan chegaralanadi.

“Deyarli hech narsa o`zgarmaydi. Faqat o`sha turmada ahvoli o`gir kishilarga dori-darmon bilan yordam berishadi. Ularning ham missiyasi chegaralangan. Qiynoqlarni ishlatayotgan taraf ikkinchi tomonning oldida ojizligini biladi. Bir adolatsiz yo`l tutganki, o`z irodasini faqat qiynoqlar orqali o`tkazmoqchi bo`ladi. Qiynoqlar, asosan, dindorlarga va muxolifatga ko`rsatilmoqda”, - deydi Turg`unov.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqining Andijon fojealarini o`rganish bo`yicha ekspertlari O`zbekistonda ishlamoqda. Tashrifi mobaynida qiynoqlar bilan bo`gliq muammoning muhokama qilish-qilinmasligi noma`lum.

Huquq himoyachilari hozirdanoq ekspertlar guruhining ish faoliyatiga shubha bilan qarashmoqda. Qizil Xoch jamiyati ma’lumotiga ko`ra, 2008 yildan boshlab O`zbekiston qamoqxonalariga kirish uchun ruxsat berilishiga umid bor.