7 milliondan ortiqroq aholisining qariyb yarmi xotin-qizlardan iborat bo’lgan Tojikiston ayollari oldidagi muammolar haliveri yechilmaydigan ko’rinadi.
Bahor faslining ilk bayrami mehribon onalarimiz, munis opa-singillarimiz qalblariga nur ba’gishlaydi.
Lekin Tojikistonda barcha ayollar ham bu kunni bayram sifatida nishonlamay qo’yganiga ancha bo’lgan.
Panjakent nohiyasidan bo’lgan sobiq o’qituvchi, hozir uy bekasi Risgul Aliyevaning aytishicha:
“Men bayramda sovg’alar kutardim. Gul olib kelsalar xursand bo’lardim. Tilla sirg’ami, taqinchoqmi… Lekin menga biron marta gul bermaganlar. Ishonasizmi hech kim sovg’a qilmaydi bayramda”,-deydi u.
Qo’shtegirmon qishlog’idan bo’lgan yosh kuyov Shodibek G’ulomov esa bu bayram unga hatto ortiqchalik qilishiga sha’ma qiladi.
“Uyda non yo’q-ku, man xotinga sovg’a qilamanmi? 5 kilo bug’doeni birovdan iltimos qilib olib kelib non qilishga berdim xotinga! Uyda pul yo’q. O’zimiz zo'rg'a yashayotirmiz. Qanaqa sovg’a qilish mumkin”?- deydi Shodibek.
Turmush o’rtog’ini Rossiyaga jo’natgan hamshira Sharofat Ermatova esa ayollarga bu bayram tatimaydi deydi. Bugungi Tojikistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz yetishmaydi. Bu xotin-qizlar hayotini juda qiyinlashtirib qo’ygan.
- Erim Rossiyadan qaytishini, bolalarimga 3-4 kilo shakar olib kelishini istardim. Qani endi menga gul ko’tarib kirib kelsalar. Asli hayot bunday emas! Bizda hozir ayollarga umuman sharoit yo’q! Qora qozonga daladan tappak, o’tin topib kelib ovqat qilamiz. Balki kelasi yillar yaxshi bo’lib qolar”, -deya umid qiladi Sharofat.
Bayram sharofati bilan O’zbekiston-Tijikiston chegarasiga yig’ilgan Begimoyi Shermatova boshchiligidagi 70-75 yoshli o’zbekistonlik va tojikistonlik qarindosh onaxonlar ayollarning xalqaro bayramini o’tmish sarqiti deb hisoblashadi. Yosh xotin-qizlar xonadon bekasi emas, pul quliga aylanayotganini, erlarning xor bo’layotganini tilga olishadi.
“Ilgari ayollar bayrami alohida edi, hozir erkaklar ular o’rniga bayram qilishmoqda.Faqat aroq ichishadi. Lekin ulargayam qiyin, ish yo’q, pul yoq, davlatni o’zi yo’q”- deyishadi ular.
Onalar fikricha hozir korxonalar ishlamaydi, erkaklarning o’zi ayollarini Rossiyaga jo’natishmoqda va “uy bekasi” ga aylanishmoqda. “Biz bayram nima ekanligini umuman bilmaymiz,” -deyishadi ular.
Erkaklarning xotin qo’lidagi pulga qarab qolganligini onaxonlar iztirob bilan tan olishadi. Ayollari ortidan mashina minayotgan erkaklarni qoralar ekan, ular ayollar zamonning emas, zaminning xotini bo’lib qolishlari shartligini ta’kidlashadi.
Dehqon xo’jaliklaridan birida rais bo’lgan Erkinboy Alimbekov Tojikiston bekajonlari og’ir sharoitda qolayotgan bo’lsalarda, kelajakda respublikada taraqqiyot va rivojlanish bo’lishiga umid bildiradi.
“Tojikiston ayollarining hech kimdam kam joylari yo’q, ammo elektr energiyasi yo’qligi ularni qiynamoqda. Qolganiga taraqqiyot bo’lishiga ishonchim komil,”- deydi fermer.