Kaspiy gazi uchun Yevropa bozori tomon yangi quvur rejalanmoqda

AQSh yaqinda Ozarbayjon bilan Kaspiy mintaqasi neft va gazini Yevropa bozorlariga chiqarish borasida katta bitim imzoladi.

Siyosatdonlar nazarida hujjat Markaziy Osiyodagi gazga boy davlatlar uchun Yevropa bozoriga yo’l ochadi. Lekin hamkorlik qilish yoki qilmaslik mintaqa davlatlari qo’lida.

AQSh uchun asosiy maqsad Kaspiy yonilg’i boyliklarini Rossiya va Eronni chetlab o’tgan holda jahon bozorlariga olib chiqish.

Biroq AQSh rasmiylari Ozarbayjon bilan imzolangan bitim hech bir davlatga qarshi harakat emas demoqda. Ular nazarida muqobil quvurlar va ta’minot tizimlari raqobatni kuchaytiradi, sifatni oshiradi va hammaning manfaati uchun xizmat qiladi.

AQSh bunga misol qilib Kaspiy yonilg’isini Yevropaga yetkazayotgan Baku-Tbilisi-Jayhun neft quvurini keltiradi. Vashington hozirda Turkiya shimoli-sharqidan o’tuvchi yangi gaz quvurini qurish tashabbusi bilan chiqmoqda. Quvur Kaspiy gazini Turkiya orqali Bolgariya, Ruminiya, Vengriya va Avstriyaga olib boradi.

AQShning Yevrosiyo masalalari bo’yicha bosh diplomatlaridan Mattyu Brayza fikricha, quvur Rossiyani chetlab o’tadi, biroq unga zarar yetkazmaydi.

“Turkiyaga gazning 65 foizi, Yevropaga esa 40 foizini Rossiya ta’minlaydi. Gazprom eng yirik ta’minotchi. Biz raqobat maydonini kengaytirmoqchimiz xolos. Toki Yevropaga gaz ta’minoti kafolatlansin; ishonchli va mustahkam bo’lsin”,- deydi AQSh diplomati.

Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bilan qator hujjatlar imzolagan Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mammadiyorov, o’z davlati uchun javob berishini va Kaspiyda yonilg’i boyliklariga ega boshqa davlatlar nomidan gapirmayotganini bildiradi.

"Rejadagi gaz quvuri Kaspiy mintaqasi va qo’shnilar tinchligini mustahkamlashga hissa qo’shadi. Bu Turkmaniston va Qozog’iston kabi Kaspiydosh davlatlar uchun ulkan imkoniyat. Har ikki davlat gazga boy. AQSh bilan imzolangan loyiha sarmoya bilan ta’minlab, mahsulotga talabni oshiradi",- deydi Mammadiyorov.

"Kaspiyning biz tomondagi sohilida gaz chiqarish tizimi vujudga kelgan. Xo’sh, kim bu inshootdan foydalanmoqchi"? - deydi Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri. "Siz yo o’zingiz milliardlab dollar sarflab, yangi quvur qurasiz yoki tayyor tizimdan foydalanib, mahsulotni sotasiz. Buni davlatlarning o’zi hal qiladi. Biz hamkorlikka tayyormiz".

Siyosiy tahlilchi Svante Kornell fikricha Markaziy Osiyo gazini Ozarbayjon orqali Yevropaga chiqarish tomonlar uchun ayni muddao. Lekin, deydi u, bu borada davlatlarning o’zi qaror qilmog’i lozim, G’arb emas.

"Ozarbayjon nafaqat Kavkazda, balki dunyoda iqtisodiyoti tezlikda o’sayotgan mamlakat. Tabiiyki, o’z yonilg’i boyliklari evaziga. G’arb uchun shu bois ham juda muhim davlat",- deydi Kornell.

AQShning Kaspiy neft va gaz boyliklariga nisbatan siyosatini tanqid qilayotganlar nazarida Vashington tabiiy resurslar ketidan chopib, inson huquqlari va demokratik tamoyillar buzilishiga ko’z yummoqda. Yonilg'i deb xalq manfaatlari hatlab o’tilmoqda, deyishadi ular.

Hamkorlikni olg’a surayotgan rasmiylar nazarida esa demokratiya va islohotlar targ’iboti o'z yo'lida davom etadi. Amerika diplomatlarining aytishicha, ular Kavkaz va Markaziy Osiyo hukumatlariga iqtisodiy taraqqiyot uchun tashqi sarmoya va mahsulotga talab naqadar muhim ekanini tushuntirishga urinmoqda.