Qonun ustuvor bo'lmasa, iqtisodiy barqarorlik uzoqqa cho'zilmaydi

Markaziy Osiyoda iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat deya tan olinayotgan Qozog’iston AQSh bilan aloqalarni mustahkamlamoqda.

Biroq AQSh nazarida Qozog’istonda demokratik islohotlar sekin olib borilmoqda. Buning ustiga Nursulton Nazarboyev hukumati so’z va matbuot erkinligini cheklamoqda. Muxolifat tazyiq ostida.

Qozog’iston yiliga millionlab barrel neftni chetga chiqarishda Rossiya quvurlariga tayanadi, biroq yonilg'i sanoatiga eng ko’p moliya tikkanlar - amerikaliklar.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Marat Tejin fikricha esa AQSh istasa, uning neft sanoatiga yanada ko’proq sarmoya kirita oladi.

Yaqinda Vashingtonda bo’lgan Tejinning aytishicha, rasmiy Ostona AQSh bilan nafaqat iqtisodiy balki xavfsizlik va ommaviy qirg’in qurollaridan qutulish kabi muhim sohalarda ham hamkorlik qilmoqda.

AQSh bosh diplomatlaridan Stiv Mann (Steven Mann) nazarida Qozog’iston shubhasiz mintaqadagi eng ishonchli hamkor, biroq rasmiy Ostona qonun ustuvorligini kafolatlashi, inson huquqlarini e’zozlashi lozim.

"Aks holda Qozog’istonda siyosiy-iqtisodiy barqarorlik uzoqqa cho’zilmaydi”,- deydi Mann.

Ayrim siyosiy tahlilchilar nazarida AQSh uchun Qozog’istonda eng muhimi neft manbalari.

AQShning mintaqa bo’yicha diplomatlari yonilg’i boyliklariga qiziqish kuchli ekanini tan oladi. Lekin bu hammasi emas, deydi AQSh rasmiysi Matyu Brayza (Matthew Bryza).

“Qozog’iston hozirgi sa’y-harakatlarni davom ettirsa, Markaziy Osiyoning yetakchi demokratik va erkin jamiyatiga aylanishi mumkin. Qozog’iston buning uddasidan chiqa oladi”,- deydi Brayza.

Qozog’iston, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Stiv Mann, yoshlarni quvvatlash davlat ravnaqi uchun xizmat qilishini tushungan.

“Chet elda o’qishni bitirgan yoshlar vataniga noyob tajriba bilan qaytadi",- deydi Mann. "Qozog’iston ular evaziga ham taraqqiy etmoqda. Vazirlik va xususiy sektorlarda ishlayotgan yoshlar G’arbda bilim olgan. Biznes sirlarini yaxshi biladi. Ular mamlakat kelajagiga ishonadi”.

Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Marat Tejin esa mamlakat kim bilan aloqa qilishidan qat’iy nazar omilkorlik bilan harakat qilmoqda, deydi.

“AQSh bilan aloqalarga ochiq yondashamiz. Tilda nima bo’lsa, ko’ngilda ham shu. Ortiqcha gina-kudrat, va’dayu-kafolat, bir-birini yaxshi tushunmaslik kabi hollarga o’rin yo’q. Shu bois bo’lsa kerak, aloqalar bir maromda, ijobiy ruhda”,- deydi Tejin.

Qozog’iston rasmiylari "AQShning demokratiya kelajagi haqidagi gaplariga quloq tutamiz va maslahatni ijobiy qabul qilamiz",- deydi.

Mamlakatni 1991 yildan beri boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev, Markaziy Osiyodagi boshqa rahbarlar singari, uning xalqi o’z demokratik yo’liga ega ekanini ta’kidlaydi.

G’arb tomonidan adolatsiz deb baholangan saylov orqali Nazarboyev 2005 yil so’nggida yana yetti yillik muddatga saylangan.