Markaziy Osiyo olimlari o’rtasida hamkorlikning so’nib borayotgani, mintaqada ilmiy munozara mavjud emasligi va tanqidiy tahlil asosida yozilmayotgan ilmiy ishlar va qilinayotgan tadqiqotlar kelajakda katta ziddiyatlarga olib borishi mumkin.
Bu borada xavotir bildirayotgan mutaxassislar aslida mintaqada ilmiy hamkorlikka qiziqish va ehtiyoj kuchli ekanini, biroq imkoniyatlar cheklanganini aytadi.
O`zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy kotibi Baxtiyor Ibrohimovning so’zlariga qaraganda mamlakat olimlarining mintaqa miqyosida tashkil etilgan ilmiy anjumanlar, loyihalardagi ishtiroki haqida gapirish qiyin. Mintaqa tadqiqotchilarini birlashtiruvchi hamkorlikni o`zi ko`zga tashlanmaydi.
“Keyingi paytlarda juda sust. Bu borada hatto aytishga arzigulik ko`rsatkichlar ham yo`q”, - deydi Ibrohimov.
Qozog`iston yaqinda Markaziy Osiyo tarixini birgalikda yozish tashabbusi bilan chiqqan.
Ibrohimovning aytishicha bu masala O`zbekiston Tarix Instituti tomonidan o`rganilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyoda turli ilmiy anjumanlar o’tkazib turadi.
Toshkentda bu anjumanlarning birida ishtirok etgan olimga ko`ra, xalqaro tashkilotlar yordamidagina qo`shni davlatdagi hamkasblar bilan tanishish, turli mavzular bo`yicha fikr almashish, ilmiy chiqishlarga munosabat bildirish imkoniyati bo`ladi.
Hukumatda ilmiy tadqiqot va olimlarga nisbatan e`tibor yo`q. Uning fikricha buning sabablari siyosat bilan bog`liq.
Toshkentga kelgan qirg`izistonlik mutaxassis esa o’zbek olimlarining ilmiy masalalardagi rasmiy chiqishlarda boshqacha, norasmiy fikr almashganda esa mutlaq boshqacha fikr bildirishlaridan hayratda ekanini aytadi.
Mutaxassislar nazarida bugun tarixga yondashuv va uning qanday yoritilayotgani tashvishga molik masala.
Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar fikricha mustaqillikka erishilgach, mintaqada o`z davlat tarixini yozish harakatlari boshlangan. Lekin bu davlatlarning umumiy o`tmishi va tarixni mintaqadagi vaziyatni chetlab o’tgan holda yozish keyinchalik turli kelishmovchiliklarga olib boradi.
“Har kim o`zi yashayotgan davlat tarixini o`zidagi ma`lumotlargagina asoslanib yozmoqchi bo`lsa, albatta ziddiyatlar kelib chiqadi. Ya’ni birorta turkman mutaxassisi bu yerga kelib, manbalarni bir yil yoki ko`proq vaqt davomida o`rganishi kerak. Bizdagi manbalar ulardagidan ko`ra ko`p. Bularsiz qanday qilib Turkmaniston yoki Qozog'iston davlati tarixini yozish mumkin? Bu tarix bir yoqlama, noxolis bo`lib qoladi. Istalgan respublika biz yozayotgan tarixga ham shunday e`tiroz bidirishga haqli. Lekin imkoniyatlar cheklangan, biror respublikaga borib, u yerdagi manbalar bilan tanishish yo`lga qo`yilmagan”, – deydi Abdusattor Jumanazar.
Sharqshunos olimning aytishicha mintaqa olimlarining hamkorligisiz bu borada natijaga erishish qiyin.
“Bu tarzda yozilayotgan tarix bir kun kelib o`z xomligini ko`rsatadi. O`zaro aloqalar bo`lmagani uchun Markaziy Osiyoning umumiy tarixini yozish muammosi hali beri hal etiladigan masalaga o`xshamaydi”, - deydi sharqshunos.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabek nazarida esa O`zbekiston hukumatining qo`shni davlatlarga nisbatan tutayotgan izolyatsion va chegarani berkitish siyosati nafaqat ilmiy izlanishlar uchun imkoniyatlarni, balki mintaqada yashayotgan millionlab o`zbeklarning ona tilida o`qib-o`rganishlarini ham cheklab qo`ygan.