Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirish fikri mintaqada deyarli barchaga ma’qul. Biroq bu tashabbusni hayotga tadbiq etish qiyin bo’lmoqda.
Karnegi markazi Moskva ilmiy kengashi a’zosi professor Aleksey Malashenko fikricha, regionda Qozog’iston ham, O’zbekiston ham yetakchilik qilolmaydi. Rossiya esa o’z qanoti ostida barchani jamlashni istasa-da, buni uddalay olmayapti.
“Regionda effektiv deb ko’rilayotgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi ham aslida pogonli postsovet balladasi kabidir. Xulosa qilib uch senariyni ko’rish mumkin. Birinchidan – eng yomoni – hamma o’zaro tortisha boshlaydi, davlatlararo qurolli to’qnashuv, milliy manfaatlar to’qnashuvi yuzaga keladi. Buning ehtimoli juda kichik – 2-3 foiz bo’lsada, har holda mavjud", - deydi u.
Malashenkoning aytishicha, ikkinchi variant – mintaqa davlatlari bir-birlariga muhtoj ekanliklarini tushunib yetib, bir-birlariga quchoq ochib, tez va ijobiy o’zgarishlarga yuz tutadi.
"Masalan, suv masalasida. Uchinchisi, birlashish bir necha o’n yil davom etishi mumkin”, - deydi Malashenko.
Moskvadagi Chegaraoldi hamkorlik Assotsiatsiyasining strategik loyihalash xizmati boshlig’i Aleksandr Sobyanin Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi chegara, suv muammolari sabab faol integrasiyaga ichonish qiyin, deydi.
Rossiya ta’siridan qo’rqmasdan mavjud imkoniyatlar va tashkilotlarni ishga solish zarur deb hisoblaydi u. Bu tashkilotlarning xalqaro status-maqomi “Rossiya imperializmi” kabi shubhalarni yo’q qilishi mumkin.
Tojikistonlik jamiyatshunos olim Ilhom Yusupov bu jarayonga Rossiyaning salbiy ta’sirini e’tirof etib, o’lkada referendum o’tkazishni taklif etadi.
“Menimcha, Rossiya o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Markaziy Osiyoda kim xo’jayin ekanini ko’rsatmoqchi. “Mensiz hech qanday natijaga erisholmaysizlar” qabilida ish yurgizmoqda. Rossiya olimlaridan Malashenko yoki Boyko, yoki Knyazevlar Markaziy Osiyo integrasiyasi pishib yetmagan fikrdeb hisoblaydi. Bu degani, bizning birlashishimizni, ittifoqimizni xohlamayotgan tashqi kuchlar hali mavjud", - deydi u.
"Menimcha, Markaziy Osiyo xalqlari orasida “Ittifoqni istaysizmi?” degan referendum o’tkazib, tarafdorlarning imzolari to’plash kerak. Yoki Markaziy Osiyo birligini istovchi guruhlar, tashkilotlar, institutlar bunga qattiq kirishishi kerak. Boshqa tashqi kuchhlar ta’sir etmoqda deb jo’ngina qarab turish to’g’ri kelmaydi”, - deydi Yusupov.
Tojik professori Iskandar Asadulloyev integrasiya jarayonida regionga ijobiy ta’sir o’tkazayotgan AQSh, Rossiya, Xitoy va Eron singari davlatlar haqida so’z ketganda ulardan kelayotgan xatarni ham inobatga olish zarur deydi.