O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga qilayotgan davlat tashrifi ikki davlat hamkorligini yangi pog`onaga ko`tarishi mumkinligi ta`kidlanmoqda.
Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov Islom Karimovni “turkman xalqining faxriy oqsoqoli” unvoni bilan taqdirladi.
Ayrim mutaxassislar fikricha Turkmaniston taklifiga binoan uyushtirilgan tashrif Turkmaniston va O`zbekiston o`rtasida deyarli yo`qqa chiqqan diplomatik va siyosiy aloqalarni tiklash imkoniyatini beradi.
Turkmaniston va O`zbekiston munosabatlari marhum Saparmurod Niyozov davrida eng past darajaga yetgan edi.
Bu keskinliklar chegaradagi to`qnashuvlar va Turkmanistondagi o`zbeklar jamoasiga bosimlar bilan kuzatilgan.
Kuzatuvchilar nazarida bugun ham ikki davlat aholisini qiynayotgan asosiy muammo chegara to`siqlari bo`lib qolmoqda.
Bir amudaryolikning aytishicha Qoraqolpog`istonda faqat bitta chegara postidan aholi o`tishiga ruxsat berilgan.
“Faqat Xo`jaylidan o’tadigan postgagina ruxsat berilgan. Tog’am olamdan o`tdi, janozasiga bora olmadim. Qoraqalpog`istonda 200 mingga yaqin turkman yashaydi. Tashovuzda esa 200 ming o`zbek bor. Amudaryo, Shumanay va Taxiatoshda qo’shimcha postlar ochish kerak. Bir necha kishi chegarada o`qqa uchragan holatlar bor. Biz tomonda ham, ular tomonda ham,” - deydi bu fuqaro.
Aholi davlat rahbarlari uchrashuvi natijasida o'rtadagi to`siqlar olib tashlanadi deb umid qilmoqda.
Lekin Siyosatshunos Farxod Tolipov bunday fikrda emas.
“Tojikiston va Qirg`iziston kabi davlatlar bilan bu muammo davom etib kelyapti, garchi bu davlatlar bilan aloqalar uzilmagan, to`xtamagan bo`lsa ham. Demak, Turkmaniston bilan ham chegara masalasi darrov yechilmasa kerak. Lekin bu tashrif davomida muhokama qilinishi zarur bo`lgan masala”, - deydi Tolipov.
Siyosatshunos fikricha Turkmanistonda davlat rahbari o`zgargach, uning tashqi siyosatida energetika bozorini shakllantirishga e'tibor oshgan.
Farxod Tolipov nazarida O`zbekiston prezidentining davlat tashrifi ko`proq mintaqaviy jarayonlar, xususan energetika bozori masalasi bilan bog`liq.
“ Rossiya, Xitoyning harakatlari borgan sari kuchaymoqda. Turkmanistonda davlat rahbarining o’zgarishini hisobga olsak, O`zbekiston va Turkmaniston aloqalarining yangi pog`onaga ko`tarilishi juda muhum”, - deydi u.
Turkmaniston mintaqada eng ko`p tabiiy gaz zahirasiga ega mamlakat. Hozirgacha turkman gazining eksporti asosan O`zbekiston orqali o`tadi. Yaqinda Turkmaniston Xitoyga ham gaz sotish haqida shartnoma imzolagan. Bu gaz quvurlari ham O`zbekiston hududi bilan kesishadi.
Keyingi paytda Turkmaniston va Qozog`iston mintaqa energetika bozori yo`nalishlarini kengaytirish borasida bir qator tashabbuslar bilan chiqqan.
Yangi loyihalar esa mintaqa iqtisodiy hayotida Turkmanistonning roli oshayotganini ko`rsatmoqda.