Dunyo neft buloqlari qurib bormoqda

Neft narxining ko’tarilishi, unga bo’lgan ehtiyojning oshib borayotgani dunyo bo’ylab xavotir uyg’otmoqda.

Ko’pchilik qora oltin zaxiralari qachongacha yetadi deya o’ylanib qolgan. Ayrim mutaxassislar nazarida ona zamin bu quvvat manbaiga juda boy.

Amerikalik geolog King Xubbert 1956 yilda neft zahiralari bir kun kelib bitadi deya bashorat qilgan edi. Neft ishlab chiqarish eng yuqori cho’qqiga yetganda, buloqlar qurib bitadi degan edi olim.

Xubbert nazariyasiga ishongan sanoatchilar fikricha yaqin o’n yilda neft ishlab chiqarish hajmi kamayadi.

Neft sanoatini uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan journalist Deyvid Strounning aytishicha, hali qora oltin ishlab chiqarish eng yuqoriga cho’qqiga yetgani yo’q. “Yana kamida 12 yil bor deydi u. Taxminan 2020 yildan boshlab zahiralar qurib boshlaydi”, - deydi u.

Mutaxassislar nazarida neft ishlab chiqaruvchi davlatlar narxlar oshishi evaziga boyib bormoqda. Mo’may daromad qilish maqsadida, dunyo bo’ylab o’sayotgan ehtiyojga qaramay, bu mamlakatlar ataylab neftni kamroq miqdorda bozorga chiqarmoqda.

Boshqalar nazarida esa narxning ko’tarilishiga dollar qiymatining tushib borayotgani sababchi.

Iqtisodchi Kennet Medlok fikricha gap neftga bo’lgan talabning oshib borayotganida.

“So’nggi raqamlarga qarasak bir kunda 85 million barrelga yaqin neft ishlab chiqarilmoqda. Bu dunyoning hozirgi ishtahasini qondirmayapti. Natijada narx oshmoqda. Buni bilgan davlatlar bozorga ozroq neft chiqarib, sun’iy tanqislik hosil qilyapti.”

Kimyoshunos olim Maykl Ekonomides neftdan hali-beri ayrilmaymiz deydi.

“Odamlar 1866 yildan beri neft zahiralari qurib bormoqda deb vahima ko’tarib keladi. Lekin dunyoning turli burchaklarida yangi neft buloqlari ochilayotganini unutib qo’yganmiz. Shunday ekan, xavotirga o’rin yo’q.”

Kimyoshunos firkicha neft qazuvchi texnologiyalar kun sayin takomillashib bormoqda. Bu sohada qilinayotgan ixtirolar neft zahiralarini ayashda yordam beradi, deydi Maykl Ekonomides.

“Geologiyadagi texnologik kashfiyotlar AQSh neft zahiralarini yana 20 foizga kengaytirdi. Bundan 15 yil oldin 10 ta neft qudug’i topilsa bittasi ish berardi. Hozir esa har 10 quduqdan yettitasi samarali ishlashi mumkin.”

Geolog olim Erik Cheyni esa neft zahiralari qurib borarkan, jahon iqtisodiyoti va talabi ham shunga moshlashadi deydi.

“Talab insonni chuqurroq izlanishga, qattiqroq mehnat qilishga, taraqqiyotga yetaklaydi. Odamlar muqobil yonilg’i manbalari izlay boshlagan. Bu borada ulkan kashfiyotlar qilinmoqda”, - deydi Cheyni.

Iqtisodchi olim Kennet Medlok esa yaqin kelajakda jahondagi siyosiy raqobatni aynan neft belgilaydi degan fikrda.

“AQSh, Xitoy va Hindiston kabi eng yirik neft iste’molchilari energetika sohasi uchun milliardlab dollar ajratmoqda. Bu davlatlarning siyosiy qarorlari aynan neftga intilish bilan bog’liq”, - deydi Medlok.

Mutaxassislar neft qurishini kutmay ko’mir, tabiiy gaz, etanol va quyosh nuridan quvvat olish yo’llarini rivojlantirishni maslahat bermoqda.