Rossiyada yana uch o'zbekistonlik o'ldirilgan.
Norasmiy ma'lumotlarga ko'ra shu kungacha bu mamlakatda o'nlab o'zbekistonliklar jinoyatchi to'dalar qo'lida jon bergan.
Toshkentda huquq himoyachilari Rossiya elchixonasi oldida rus millatchiligiga qarshi namoyish o’tkazgan.
O'zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Abdulla Tojiboy o'g'lining aytishicha piket elchixona vakillari tomonidan e'tiborsiz qoldirilgan. Rus millatchilari tomonidan o'ldirilayotgan o'zbekistonliklar soni ortib bormoqda, ammo hukumat muammoni tan olmaydi deydi u.
“O'zbekiston rahbariyati Rossiyaga bu borada chora ko`rish, ularning hayotini saqlash uchun hech harakat qilmaydi. Hukumat o’z fuqarolari hayotini asrash uchun hech narsa qilmas ekan, biz huquq himoyachilari shu muammoni ko`tarib chiqayapmiz. Rossiyaning yangi prezidenti Dmitriy Medvedevni bu borada biror chora ko’rishga chaqirayapmiz”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.
Rossiyadagi “Sova” tahlil markaziga ko’ra rus millatchilari asosan markaziy osiyoliklarni nishonga olmoqda. Ular ijtimoiy himoyalanmagan va bu muhojir ishchilarni quvvatlovchi siyosiy kuch yo`q. Markaziy osiyoliklar kavkazliklar singari uyushmagan va tarqoq deya talqin qiladi tashkilot.
“Sova” nazarida rus shovinizmi siyosiy doiralar tomonidan olg’a surilayotgani bois unga qarshi keskin choralar taklif qilinmayapti.
Huquq faollarining aytishicha yaqinda Rossiyada uch nafar o`zbekistonlik pichoqlab o`ldirilgan va jinoyatchilar ularning jasadini yoqib yuborishga harakat qilgan.
“Qurbonlar asosan ish topish, bola-chaqasini boqish uchun u yerga borgan oddiy fuqarolar. Ularning shu kunga tushganiga O`zbekiston hukumati aybdor. Ish topib berolmagani va ijtimoiy ahvolni shu holatga keltirgani uchun. 20-40 yoshgacha bo`lgan kishilar chiqib ketayapti. Bu milliy fojea. Lekin hukumat bu fojeani hech qachon tan olmaydi”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.
Yaqinda Qozog`istondagi “Bolashak” yoshlar siyosiy harakati mintaqadagi bir qator jamoatchilik tashkilotlarini rus shovinizmiga qarshi birgalikda kurash boshlab, bu haqda bayonot chiqarishga da`vat etgan.
Qozog`iston, Qirg’iziston va Tojikistondagi bir nechta nodavlat tashkilotlar “Shovinizm Yo’qolsin!” degan dastur asosida hamkorlik qilishga kelishgan.
Qirg`iziston parlamenti ham Rossiyada millatchilik keng quloch yozayotganini qoralab chiqqan. O`zbekistonda masalaga nisbatan rasmiy munosabat bildirilmaydi.
“Shuning uchun ham o`zbeklar ko`p o`layapti. Bizdan borgan mardikorlar ko’p ekan, shuncha ko’p o’ldiriladi. Ishsizlikni keltirib chiqargan hukumatga nisbatan norozilik bildirish kerak”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.
Rus millatchiligi kuchayishiga qaramasdan Rossiya minglab o`zbekistonliklar uchun ish topish imkoniyatini beruvchi mamlakat bo`lib qolmoqda. Sharhlovchilar fikricha O`zbekistondagi bugungi iqtisodiy vaziyat yaqin yillarda mehnat muhojirlari oqimi pasayishi mumkinligidan darak bermaydi.