O`zbekiston prezidenti Islom Karimov NATO bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi va Afg`onistonga noharbiy yuklarni temiryo’l orqali yetkazish loyihasini qo`llab quvvatladi.
Karimov NATOning Buxarestda o’tgan sammitida demokratik yangilanishlar haqida ham gapirdi. Respublikaning tan olinmagan muxolifati prezident so’zlariga shubha bilan qaraydi.
O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatdan tashvish bildirib, bir paytlar Toshkentda faoliyat yuritgan 6+2 guruhini NATO ishtirokida 6+3 tariqasida davom ettirish tashabbusini ko`targan.
AQSh, Rossiya, mintaqa davlatlari va Afg`oniston ishtirokidagi mazkur guruh Toshkentda qator uchrashuvlar o’tkazgan edi.
Karimov O`zbekistonning NATO bilan hamkorlik istiqbollari demokratik yangilanish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi masalalarni ham o`z ichiga oladi deydi.
Ayrim tahlilchilar nazarida Karimov O’zbekistonda demokratik o`zgarishlar bo’lmasa ham G’arb u bilan Afg`onistondagi vaziyat va energetik manfaatlar sabab aloqa qilishini biladi.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha ham G`arb va O`zbekiston munosabatlari demokratik o`zgarishlarni maqsad qilyotgani yo’q.
“Munosabatlar demokratiya rad etilgan holatda tiklanmoqda amalga oshmoqda. Ular G`arb jamoatchiligi manfaatlaridan kelib chiqib ham amalga oshmayapti. Faqat hukmdorlar va hokimyatlar manfaatiga ko`ra qurilmoqda. O`zbekistonda vaziyat o`zgarmaydi. Erkinlik shamoli esayapti, inson huquqlari yaxshilanayapti degan qarash bor, lekin men bunday hisoblamayman”, - deydi Oripov.
Uning aytisicha Afg`oinistonda ahvol og`ir, biroq xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorlik aslida bu baloning rivojlanishi uchun ham xizmat qilmoqda.
“Terrorizm, separatizm, ekstremizm tushunchalari hukumatlar bir niqob sifatida foydalanadigan omil bòlib qolyapti. Terrorizmni kelib chiqish manbaiga chuqurroq qarasak, sabab davlat terroriga borib taqaladi. Davlatning o`z fuqarolariga, dindorlarga munosabati, zo`rovonlikka asoslanib siyosat yuritish. Dunyo siyosatini kuch bilan belgilashga harakat qilinayotgani. Hozirgi AQSh siyosati ham faqat kuchga tayanmoqda”, - deydi Oripov.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha G`arb O`zbekiston hukumatiga umid bilan qarayapti. Bu umid oqlanmagan taqdirda aloqalar mustahkamlanmaydi.
“G`arb kommunikatsiya tizimlari orqali o’z mahsulotlari va investitsiya uchun imkoniyat ochamiz degan umid bilan aloqalarni tiklayapti. O`zbekiston prezidentining ham ahvoli og`ir. Rossiyadan kutilgandek sarmoyalar kelmadi. Agar Islom Karimov o`zgarishlar qilmasa, munosabatalr shunchaki o`zaro bayonotlar darajasida qolaveradi”, - deydi Yo`ldoshev.
Mutaxassislar ta’biricha demokratik yangilanish qamoqqa olingan huquq himoyachilarini ozod qilishdangina iborat emas.
Ular tahlilicha muxolif partiyalar ro`yxatga olinmas ekan, demokratik harakatga ochiq yo`l berilmas ekan, mamlakatda siyosiy taraqqiyot haqida gapirish o`rinsiz.