Tabiiy ofatlar hukumat irodasi uchun katta sinov

Yaqinda Birma va Xitoyni qaqshatgan tabiiy ofatlar dunyo ahlini vahimaga so’ldi va ancha o’ylantirib qo’ydi: Bunday ko’rguliklarga qarshi tayyor turish mumkinmi? Ularga qanday javob berish kerak? Inson hayotini asrab qolish uchun qanday choralar ko’rilgani ma’qul?

AQSh o’tgan yillar qator tabiiy ofatlarni boshdan kechirdi. Uch yil oldin Katrina to’foni Yangi Orlean shahrini suv ostida qoldirib, qo’shni hududlarni xonavayron qilgan. Ofat keltirgan zarar hali ham qoplangani yo’q.

Xitoy va Birma bugun chet eldan insonparvarlik yordami qabul qilmoqda. Lekin, turlicha yondashuv va hajmda.

Kuchli dovul Birmaning Irravadi daryosi bo’yidagi uylarni uchirdi… Xitoyda esa yer qimirlab, yirik inshoot va turar-joylar vayronaga aylandi…

Bu dahshatli ofatlar sabab hayoti izdan chiqqan insonlarga yordam berging keladi. Nafim tegarmikan deya o’ylanadi kishi. Lekin, afsuski, siyosat har doim ham bunday fikrlamaydi.

AQShning Favqulodda Holatlar bo’yicha Agentligi sobiq rahbarlaridan biri Barri Skanlon fikricha hukumatning qanchalik g’amxo’r va mas’uliyatli ekanini tabiiy ofatlardan keyingi vaziyat namoyon etadi. Ofatlar ma’muriyat uchun sinov.

"Tabiiy ofatlar - qirg’inlar. Eng muhimi jabrdiydalarga yordam berish, qay davlat va qaysi xalq bo’lishidan qat’iy nazar. Fuqarolarni qutqarish hukumat uchun oliy burch. Buni ado etsa, dunyo ahli uni quvvatlaydi. Davlatlarning mehri oshadi",- deydi Skanlon.

Birma va Xitioy hukumatlari tabiiy ofatlarga turlicha javob bermoqda.

Repressiv deya ta’riflanuvchi Xitoy hukumati oshkora ish yuritib, bor kuchini odamlarni qutqarish va boshpana bilan ta’minlashga sarflamoqda. Tashqi dunyo yordamini ochiq chehra bilan qabul qilmoqda.

Birma harbiy hukumati esa dastlab xalqaro ko’makka “yo’q” deb turib oldi. Mamlakat darvozalarini yopdi. Kuchli bosim ostida, cheklangan hajmda yordam qabul qila boshladi, lekin yordamni o’zi taqsimlamoqda. Chet elliklar deyarli kira olmayapti.

Barri Skanlon gap xalqaro siyosatda deydi.

“Afsuski, Birma xalqi dunyo siyosati qurboni. Bir noto’g’ri siyosat boshqasiga zamin yaratadi. Natijada begunoh xalq azobda. Ular yordamga muhtoj. Ularning turli manfaatlarga aloqasi yo’q”.

Florida Xalqaro Universiteti professori, siyosatshunos Richard Olson tabiiy ofatlar hukumatlar uchun achchiq saboq deydi.

Xitoy hukumati tabiiy ofatlar bilan yuzlashaverib, ancha pishgan. Qachon, qanday chora ko’rishga o’rgangan. Zararni qoplash, yordam yetkazish bobida…

“Xitoy vaziyatni o’rganib, tezlikda taxminiy hisoblar bilan chiqadi va aholiga avvalo nima zarur ekanini biladi. Hamma narsa kuchli nazorat va tartib ostida. Lekin bu bilan mamlakat ko’rgulik ko’lamini yashirmaydi”,- deydi Olson.

Birmada esa hukumat sust harakat qilib, xorij yordamidan shubhada.

"Tabiiy ofat kelganda hukumatning qanchalik zaif va shafqatsiz ekanini ko’rdik. Bu hukumat inqiroz oldida hech narsa qila olmadi. Birma xalqi bugun “hukumat bizga qaray olmasa, nega unga chidab o’tiribmiz” deb o’ylayotgan bo’lsa ajabmas”.

2005 yilda AQSh Katrina to’foni bilan yuzlashganida, bu davlat rahbariyati ham sustkashlikda ayblangan edi. Minglab insonlar yordamsiz qolib ketgan.

Hukumat keskin tanqidga uchrasa-da, prezident Bush favqulodda hollar bo’yicha agentlik rahbari Maykl Braunni maqtab chiqqan.

Maqtov qarshilikka sabab bo’lib, Braun ishdan ketdi.

"Katrina to’foni Bush ma’muriyatining ko’zini ochdi",- deydi Olson.

"Ofatning iqtisodiy va siyosiy zarari naqadar katta ekanini tushunib olish uchun ozgina vaqt ketdi. Choralar ko’rila boshlandi, ammo xalq o’sha og’ir kunlarni unuta olmaydi. To’fondan keyingi 3-4 kun dahshati hamon insonlarning ko’z oldida.”

Tahlilchilar fikricha hukumatlar ko’p hollarda boshqa hukumatlarning xalqqa ulardan yaxshiroq, mehribonroq va jonkuyarroq ko’rinishini istamaydi. Shu bois xorijiy yordamini cheklaydi. Kuch va manfaat uchun kurash, deydi siyosatdonlar.