Bugun Pekinda Yozgi Olimpiya o’yinlari ochilar ekan, mamlakat bo’ylab kuchli xavfsizlik choralari ko’rilmoqda.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Turkiston Islomiy Partiyasi deb atalmish guruh Xitoyda bir qator xurujlarni amalga oshirishni mo’ljallayapti.
AQShdagi uyg’ur faollari esa terrorizmning har qanday ko’rinishini qoralab, rasmiy Pekinning Sharqiy Turkistonda olib borayotgan siyosatidan norozi.
Pekinda musobaqalarning boshlanish arafasida, inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot vakillari, xitoylik dissidentlar, Tibet hamda Uyg’ur muxtor viloyatlaridagi bosimni qoralayotgan muxojir faollar kecha Oq Uy ro’parasidagi parkda yig’ilib, rasmiy Pekin siyosatidan norozilik bildirishdi.
Ushbu namoyishda, Jahon Uyg’urlari Kengashi rahbari Robiya Qodir, tinchlik va tenglik ramzi Olimpiya musobaqalariga mezbon Xitoydan, ozchilikdagi mahalliy xalqlarning siyosiy va madaniy huquqlarini hurmat qilishni talab qildi.
Uyg’ur faol Robiya Qodir hozir Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimida ishtirok etayotgan AQSh rahbari Jorj Bush bilan o’thgn hafta Oq Uyda uchrashib, Sharqiy Turkistondagi vaziyat borasida fikr almashgan edi.
Xitoy, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida radikal islomiy kuchlar faollashganini da’vo qiladi. Chunonchi rasmiy Pekin, o’tgan hafta Qashg’arda ro’y bergan portlashda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini ayblagan edi.
Lekin chet eldagi uyg’urlar, jumladan markazi poytaxt Vashingtonda joylashgan Uyg’ur Amerika Uyushmasi faoli Qahhor Barat, Xitoyning da’volarini rad etib, rasmiy Pekinni terrorga qarshi kurash bahonasida uyg’urlar ozodlik harakatini bostirishga urinayotganlikda ayblaydi.
Uyg’ur Amerika Uyushmasi faollaridan Siddiq Ruzihoji ham, Xitoyning asosiy inson huquqlaridan sanalmish diniy erkinlikni cheklashi katta xato ekanini ta’kidlaydi.
Matbuot xabarlariga ko’ra, Turkiston Islomiy Partiyasi deb
atalmish noma’lum bir gruh, yaqinda internet orqali tarqatgan
video-murojaatida, Olimpiya o’yinlari chog’ida Xitoyda qator xurujlarni amalga
oshirishmoqchi ekani haqida ogohlantirgan.