Xorvatiya, Albaniya NATOga kirishga hozirlanmoqda

AQSh prezidenti Jorj Bush Albaniya va Xorvatiyaning NATO, shimoliy atlantika tashkilotiga kirishiga doir hujjatlarni imzolagan.

Yil boshida harbiy blokning Ruminiyada o’tgan sammitida bu ikki davlatni a’zolikka taklif qilishga kelishib olingan edi. Rossiya yana ikki nomzod – Gruziya va Ukrainaning NATOga qo’shilishiga keskin qarshilik bildirib keladi.

Prezident Bushning aytichisha kommunizm va urushlarni boshdan kechirgan Albaniya va Xorvatiya bugun tinch demokratik davlatlar. Oq uyda o’tgan marosimda ularning ittifoqqa qo’shilishiga doir protokol imzolangan. Sovet Ittifoqi qulaganidan beri NATOga 10 mamlakat qo’shilgan.

NATO Bosh kotibi Yap de Hup Sxefferning aytishicha “Albaniya va Xorvatiya shimoliy alyans a’zoligiga loyiq ekani hamda tashkilot oldidagi talab va majburiyatlarni bajarishga tayyor ekanini ham so’zda, ham amalda ko’rsata oldi”.

Ikki Bolqon davlati NATOga kirish uchun tashkilot a’zolari roziligini olishi kerak. Hozircha tegishli hujjatlarni AQShdan tashqari Vengriya va Slovakiya imzolagan.

“Albaniya va Xorvatiya amalga oshirayotgan islohotlar”, deydi prezident Bush, “ular NATOga qabul qilingach to’xtab qolmasligi zarur. Harbiy ittifoqqa a’zo har bir davlat erkinlik va demokratiyani qo’llash, bu qadriyatlarni e’zozlashga so’z bergan”.

Bushning aytishicha NATO eshiklari qator boshqa davlatlar, jumladan Ukraina va Gruziyaga ham ochiq. AQSh NATOning Buxarestdagi sammitida bu ikki mamlakat nomzodini qo’llab-quvvatlagan bo’lsa, Fransiya va Germaniya Rossiya noroziligini hisobga olib qarshilik bildirgan edi.

NATO Bosh kotibi Yap de Hup Sxeffer fikricha Albaniya va Xorvatiya bosib o’tgan yo’l boshqa nomzod davlatlarga namuna bo’la oladi. “Kimni a’zolikka olishni alyansning o’zi hal qiladi”, - deydi u.