Obama va Makkeyn: g'olib va mag'lubga yaqindan nazar

Xalq Barak Obamaga ergashmoqda

Barak Obama Amerikani o'zgarishlar davri keldi deya ishontira oldi.

Obama yangicha fikrlashni, yangicha siyosat yuritishni, dunyo bilan qayta bog’lanishni taklif qilmoqda.

Xalq Obamaga ergashmoqda, ammo bu bilan uning yelkasiga ulkan vazifa yuklanmoqda.

Amerika iqtisodiyotini tanazzuldan olib chiqish, Iroq va Afg’onistonda tinchlikni ta’minlab, qo’shinga vatanga qaytarish, mamlakatning dunyodagi nufuzini tiklash…

“Olamshumul yangiliklar qilamiz”,- deya bong urayotgan Obama AQSh tarixidagi birinchi qora tanli prezident bo’ladi.

Barak Obama kim o'zi?

Barak Obama 1961 yilda Gavaida dunyoga kelgan. Onasi oq tanli, otasi afrikalik.

Ota-onasi ajrashgach, taqdir uni Osiyoga yetaklaydi. Indoneziyada o’gay otasi qolida yashaydi.

Lekin Obama asosan AQShda ulg’ayib, yetuk oliygohlarda ta’lim oladi. Garvard Universitetini bitirgach, Chikagoda jamoatchi faol sifatida nom qozonadi. Kambag’al oilalar bilan ishlaydi.

Katta siyosatga 2004 yilda, AQSh Senatiga saylangach, kirib kelgan. O’sha yili Demokratik Partiya qurultoyida so’zlab, Amerika e’tiboriga tushadi.

Amerika Qo’shma Shtatlari tarqoqlikni bas qilib, ijtimoiy-siyosiy hamjihatlik haqida o’ylashi kerak degan gaplari ko’pchilikni hayratga solgan. To’rt yil o’tib Obama prezidentlikka nomzod bo’ldi.

“Bu kunga hech qachon yetmaymiz deyishgan edi. Bu faqat orzu deyishgan edi. Amerika bo’linishda davom etadi, irqiy-ijtimoiy tarqoqlik domidan chiqmaymiz, bir maqsad yo’lida birlasha olmaymiz deyishgan edi. Lekin bugun o’sha azaliy orzu ro’yobga chiqayotgan ko’rinadi. Umid g’alaba qozondi,” – deydi Obama.

G'alaba uchun kurash

Prezidentlikka nomzodlik uchun poyga asosan Obama va nufuzli demokrat senator Xillari Klinton orasida kechdi. Har ikkisi tarixni o’zgartirgan shaxslar. Qora tanli erkak va oq tanli ayol kandidatlik uchun shiddatli kurash olib bordi… Xillari Klinton qanchalik zehnli va o’tkir siyosatchi bo’lmasin, xalq ko’nligiga yo’l topishda Obamadan o’ta olmadi deydi tahlilchilar.

“Barak Obama jamiyat negizi bilan bog’lana oldi. Shu paytgacha hech kim e’tibor bermagan qatlam vakillari siyosatga qiziqa boshladi. Internetdan keng foydalanildi. Ayniqsa, yoshlar Obamaga katta sonda ergasha boshladi,” – deydi ular.

Barak Obama kampaniya davomida xalq orasidan 700 million dollarga yaqin mablag’ jamg’ardi. Asosan oddiy tarafdorlardan tushgan pul tashviqot va siyosiy reklamalarga sarflandi.

Obama jahon ahli bilan til topishib yashash payti yetgan, dunyo Amerikani qayta tanisin, kimligimizni bilsin deya qayd etishda davom etmoqda.

Yevropa, Iroq va Afg’onistonga qilgan safarlarida siyosiy va harbiy bilimi boy ekanini isbotlay oldi.

Iqtisodiy inqiroz kuzatilar ekan, Obama aniq yechimlar taklif qila boshladi. Bu albatta saylovchi uchun ayni muddao.

Respublikachilar Obamani ishchilarga soliqlarni kamaytirib, tadbirkorlarga oshirib, kapitalizm qonunlariga rahna solishi mumkin deya qanchalik ogohlantirmasin, 150 millionga yaqin amerikalik ovoz bergan saylov natijasida xalq Oq Uyni va shu tariqa dunyoning eng qudratli mamlakati taqdirini Barak Obamaga ishonib topshirmoqda.

Jon Makkeyn - Amerikaning asl farzandi

Prezidentlikni Obamaga boy bergan Jon Makkeynni Amerikaning asl farzandi deyishadi. Harbiy oilada katta bo’lgan. Vatanga xizmat qilish hayotiy maqsad deb voyaga yetgan.

1960-yillarda AQShning Vyetnamdagi urushida qatnashgan. Dushmanga asir tushib, besh yarim yil qamoqda o’tirgan. Qiynoqlar va ruhiy azobdan omon qolib, vataniga qahramon sifatida qaytgan.

1980-yillardan beri Kongress a’zosi. Qo’shma Shtatlarning eng o’tkir va jahongashta senatorlaridan. Makkeyn “mag’lubman, ammo umrim oxirigacha xalq xizmatida qolaman” demoqda.

“Men zahmat nimaligini bilaman. Ko’pni ko’rganman. Yovuzlik nimaga qodirligini bilaman. Urush nimaligini bilaman,” – deydi Makkeyn.

Jon Makkeyn 2000 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzodlikni respublikachi safdoshi Jorj Bushga boy bergan. Lekin bu safar hech bir respublikachi u bilan tenglasha olmadi. Partiya Makkeynni kandidatlikka tanladi. Poyga qizg’in tus olib, Makkeyn Obamaga qaraganda ancha tajribali ekaniga qanchalik urg’u bermasin, siyosiy va iqtisodiy muammolardan tinkasi qurigan Amerika yangi avlod vakilini tanladi.

Makkeynning xatosi

Prezidentlar tarixchisi Allan Lixtman fikricha Makkeyn tushkunlik qurboni bo’ldi. Zamon yangi avlod vakili istagan damda maydonga chiqdi.

“Odamlar Iroq va xavfsizlik emas, cho’ntak haqida ko’proq o’ylay boshlagan. Makkeyn iqtisodni yaxshi tushunmaydi. Obama bu sohada undan ancha ustun ekanini ko’rsatdi,” – deydi Allan Lixtman.

Makkeyn vitse-prezidentlikka ko’pchilikka notanish siyosatchini tanladi - Alyaska gubernatori Sara Peylinni. Peylin respublikachilarga ma’qul tushdi, ammo keng omma didiga o’tirmadi.

Peylin yirik telekanallarga bergan intervyularida siyosiy bilimi sayoz, dunyoqarashi tor bir arbobdek ko’rindi. Peylin Makkeynga zarar qilsa qildiki, foyda keltirgani yo’q, deydi tahlilchi Stiven Xess.

“Sara Peylin ko’p sohalarda pand berdi. Matbuotdan tushgan muhim savollarga javob berolmadi. U har safar og’zini ochganida, Makkeynning odamlari yuragini hovuchlab turdi, biror noto’g’i narsa aytmasin deb,” – deydi Xess.

Buning ustida Makkeyn muddati tugayotgan prezidentning partiyadoshi. Xalq Bushning siyosatidan norozi ekan, Makkeyn tinimsiz amaldagi prezidentga qiyoslandi, deydi tarixchi Allan Lixtman.

“Amerikaliklar odatda ularni rozi qilmagan partiyani Oq Uydan uzoqlashtiradi”,- deydi tarixchi Allan Lixtman. “Hozirgi sharoitda, ayniqsa, yana bir respublikachining saylanishi juda qiyin edi,” – deydi tarixchi.

Qiyinchiliklarga qaramasdan Jon Makkeyn prezidentlik uchun oxirigacha kurashdi. Bu nodir imkoniyatni osonlikcha boy bermadi.

“Men Amerika farzandiman. Hech narsadan qo’rqmayman. Umidni boy bermayman. O’z quvvatimga tayanib kurashni davom ettiraman. AQSh uchun har narsaga tayyorman,” – deydi Makkeyn.

Prezidentlik Jon Makkeyn uchun balki armon bo’lib qoldi… Ammo senator siyosiy maydonni hali-beri tark etmaydi.