AQShda qarorni hukumat qabul qiladi, ijro esa ko’p hollarda nohukumat tashkilotlar zimmasiga topshiriladi.
Xususan qashshoqlikka qarshi kurash, ijtimoiy yordam ko’rsatish sohasi xayriya tashkilotlari tomonidan yuritiladi.
Mamlakat iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirarkan, bu muassasalarning hamyoni bo’shab qolgan.
AQShda yo’qsil oilalar oziq-ovqat omborlariga tayanadi.
Ularni esa nohukumat tashkilotlar boshqaradi. Restoran va do’konlardan ortib qolgan mahsulot yig’ilib, daromadi past oilalarga tarqatiladi. Samarador va har jihatdan foydali tizim.
Floridadagi kichik bir ombor, masalan, bu yilning o’zida 900 000 tonna oziq-ovqat to’plab, har hafta 54 ming kishini boqqan. Isrofgarchilik zamoni o’tib ketgan.
“Bu omborni 16 yildan beri boshqarib kelayotgan bo’lsam, shu kungacha bunchalik ko’p odam non so’rab kelmagan edi. Aholi juda qiynalib qolgan. Oylik bilan yashash qiyin hozir”,- deydi ombor xo'jayini Deyvid Kepcho.
Moliyaviy tanazzul, ayniqsa oddiy ishchi-mehnatkashlarga og’ir tushmoqda. Oilalar nima qilishini bilmay qolgan.
Nafaqaxo’rlar bir umr yig’ib, bankka ishonib qo’ygan mablag’idan ayrilayapti. Sarmoya qilingan pul kuyib, keksalarning daromadi pasaygan. Yosh bolali oilalar ham mushkul ahvolda.
Minglab odamlar ishidan ayrilarkan, najotni xayriya tashkilotlaridan kutmoqda.
“Umrimda shunday kunlar keladi deb o’ylamagan edim. Boy yoki kambag’al, hamma
ertangi kun haqida o’ylanib qolgan”,- deydi Kepcho.
Kishiga umid beradigan tomoni shuki, amerikaliklar ko’ngli ochiq, saxiy xalq. Yiliga o’rtacha 300 milliard dollar xayriya qilinadi.
Lekin insonparvarlik tashkilotlari bu ham kam demoqda. Chunki, aholi orasida nochor odamlar ko’payar ekan, yordamni ham oshirish zarur.
Xayriya tashkilotlari badavlat kishilardan ko’proq pul berishni so’ramoqda. Jamiyat ravnaqi uchun.
Aholiga yordam ko’rsatish markazlarida telefon tinimsiz jiringlaydi. Kimdir ovqat, kimdir maishiy yordam so’raydi.
Omilkor amerikaliklar orasida nohukumat tashkilotlar uchun pul jamg’arishga ko’maklashuvchilar ham ko’payib bormoqda. Hamma bir-biriga yordam berishi kerak. Mehr va muruvvat shunday damlarda sinovdan o’tadi.
“Inqiroz hammani ogohlikka, g’amxo’rlikka chorlamoqda. Menda bo’lsa, boshqalar bilan ulashish insoniy burchim. Yordamni ayamaslik kerak”,- deydi xayriya fondlaridan biri rahbari Robert Braun.
Mehrli odamlar bor ekan, pul ham topilyapti, oziq-ovqat omborlari ham yordamni oshirmoqda. Vaziyat tarang ekan, umidni boy bermaslik kerak.
AQSh hukumati ham xayriya
tashkilotlari rolini qadrlab, ularni rag’batlantirishga tushgan. Aks holda
nochorlarni boqish davlat bo’yniga tushadi. Yangi prezident Barak Obama inqirozdan
chiqamiz deya ishonch bildirmoqda. Lekin hozircha amaliy ko’mak nohukumat
tashkilotlardan kelmoqda.