Ishchi muhojirlar Rossiyaga kerak bo'lmay qoldimi?

Rossiya hukumati mamlakatdagi ishchi muhojirlar sonini qisqartirmoqchi.

Bu haqda Bosh vazir Vladimir Putin rossiyaliklar bilan jonli muloqot chog`ida aytgan.

Tahlilchilar fikricha, Moskva muhojirlardan qutulish uchun keskin choralarga borishi mumkin. Aytish joiz, Rossiyadagi mehnat muhojirlari soni jihatdan O’zbekiston birinchi o`rinda turadi.

Rossiya Bosh vaziri Bladimir Putin so’zlariga ko`ra, hozir mamlakat mehnat bozorida chet ellik ishchilarga talab katta emas, demak ularni kamida 50 foizga qisqartirish mumkin.

Sal avval hukumat moliyaviy inqirozga qaramasdan mehnat muhojirlariga ehtiyoj bor, hatto ularga belgilangan kvotani oshirish lozim, deb ta’kidlayotgan edi.

Putinning aytishicha, Rossiya regionlari mehnat muhojirlari kvotasini oshiraylik demoqda, biroq bu taklif hali tasdiqlanmagan.

"Hozir chet ellik ishchilar tufayli ishsiz qolayotgan rossiyaliklarni o’ylash kerak", - deydi Putin.

Ma’lumotlarga ko’ra, Rossiyada iqtisodiy ahvol og’ir, kompaniyalarda ish to`xtamoqda. Ayniqsa, ishchi migrantlar maosh ololmayapti.

Shikoyat qilib kelgan muhojirlar ishi Rossiya Migratsiya xizmati yordamida bosti-bosti qilinmoqda. Noqonuniy ishchilar haqini olomay, Rossiyadan chiqarib yuborilmoqda.

Sharhlovchi Abdusalom Ergashevning aytishicha, mehnat mujojirlariga bo`lgan ehtiyojni bozor belgilashi kerak, hukumat emas.

“Putin ham, Medvedev ham moliyaviy inqiroz Rossiyaga unchalik ta’sir qilmasligi haqida gapirib kelardi. Aslida esa juda taalluqli va faqat shu bois mehnat muhojirlari soni qisqarishi mumkin. Lekin buni Putin belgilamaydi”, - deydi sharhlovchi.

Putin rossiyaliklar bilan jonli muloqot chog’ida ksenofobiya, millatchilik muammosida to`xtaldi.

“Rossiya tarkibidagi xalqlar huquqi himoya qilinishi kerak. Rus manfaati uchun xizmat qilayapman deb o’ylagan millatchilar aslida bu manfaatlarga zarar qilmoqda”, - dedi bosh vazir.

Sharhlovchilarning aytishicha, shovinizm aslida hukumat tomonidan qo`llab-quvvatlanmoqda.

“Muhojirlar, slavyan bo`lmagan xalqlarga nisbatan jinoyatlar, qotilliklar… Bularni Putin yuritgan siyosat rag`batlantirib kelad”, - deydi Abdusalom Ergashev.

Rossiyadan qaytgan mehnat muhojirlari fikricha, O`zbekistonga qaytish uchun chipta muammo, chiptalar bir oy oldinga sotib bo`lingan. Ishidan ajralgan, haqini ololmayotgan o`zbekistonliklar ko`p.

Sharhlovchilar esa “O`zbekiston hukumati ishsizlar soni o`sishiga tayyor turishi kerak” demoqda.

“Mehnat muhojirlarining Rossiya, qisman Qozog’istondan qaytishi kutilmoqda. Voqea bu tarzda rivojlanadigan bo`lsa, asosan yuz minglab yoshlardan iborat bu guruhni nima qiladi? Qaysi sohaga yo`naltiradi? Hukumat bunga mutlaqo tayyor emas”, - deydi “Tezkor guruh” analitik markazi vakili Suhrob Ismoilov.

O`zbekiston hukumati minglab odamlar tashqarida ish topayotganidan, Rossiya esa o`zbekistonliklarni arzonga ishlatishdan manfaatdor bo`lib kelgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, turli davlatlarda ishlayotgan mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag' milliardlab dollarni tashkil etadi va so`nggi yillarda O`zbekistonni boqib kelgan muhim omil hisoblangan.