Amerikada moliyaviy tanazzul tufayli ishsizlik deyarli 7 foizni tashkil etmoqda. Bu oxirgi 34 yilda qay etilgan eng yuqori ko’rsatkich.
Universitetni bitirayotgan talabalar, tabiiyki, vahimada. Mutaxassislar ahvol og’ir ekanini tan olmoqda, biroq intilganga omad yor.
Talaba o’qishni bitirar ekan, odatda bu voqeani bayram qiladi - oilasi, yor-birodarlari bilan nishonlaydi. Biroq AQShdagi iqtisodiy krizis sharoitida manzara boshqa. Yoshlar ish topa olamanmi, deb xavotirda.
Vashingtondagi Katolik Universiteti talabalari bitirish sanasidan ancha oldin ish qidirishga kirishgan. “Yaqinda universitet dargohini tark etamiz. U yog’i nima bo’lishini bilmaslik odamni juda asabiylashtiradi”, - deydi talaba Liza Kembel.
Talaba yoshlar hayotida moliyaviy tanazzul bilan yuzlashmagan. Universitet xodimi, doktor Allen Gudman fikricha, hozir tanlab o’tiradigan davr emas, bor imkoniyatni ushlash kerak.
“Yoshlar boshidayoq orzuidagi ishni topmasligi mumkin. Kirishuvchan, moslashuvchan bo’lish kerak. Ideal ishga yetaklovchi lavozimlardan boshlasa bo’ladi. Izlagan topadi deyishadi”.
Doktor Gudman nazarida iqtisodiy krizis urgan soha talabalari kasbini o’zgartirishni ham o’ylab ko’rishi kerak. Yoki magistrlik, doktorlik ishlari ustida ishlash uchun hozir ayni muddao, deydi u.
“So’nggi hisob-kitoblarga qaraganda, ish o’rinlari keskin kamaygan - o’tgan yildan beri 8 foizga tushgan. Biroq ilm-fan va texnologiya yo’nalishida mutaxassislarga hali ham talab katta”.
Maykl Vulf mehnat bozorida talab va taklifni o’rganadi. “Olimlar, muhandislarning bozori chaqqon. Ularga talab yanada oshishi aniq. Yaqin 10 yilda aniq fanlar, fizika, texnologiya yo’nalishida ishlovchi olimlar ishsiz qolmaydi”, - deydi u.
Maykl Vulf deydiki, moliyaviy ahvol o’nglansa, ish o’rinlari ham joyiga keladi. Oliy ma’lumotli, ilmiy darajali olimlarga har yerda joy topiladi.