NATO Tolibon bilan muzokaraga qarshi emas

Tolibon so’nggi paytlarda ancha ilg’or qurol-aslahani ishga solib, Afg’onistondagi NATO kuchlariga zarba bermoqda.

AQShning bu mamlakatga qo’shimcha kuch safarbar etayotgani ayni muddao, deydi NATO matbuot kotibi Jeyms Appaturay “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Yaqinda Xost viloyatida ro’y bergan kuchli portlash 16 o’quvchini hayotdan olib ketdi. Afg’onistonda bu kabi xunrezliklar so’nggi ikki yil ichida ancha ko’paygan.

NATO qo’mondonlari Tolibonni yengish oson kechmayotganini tan oladi. AQSh kelasi yil mamlakatdagi qo’shin sonini ikki baravarga oshirib, 60 mingga yetkazadi.

“NATO Barak Obama ishga kirishib, Afg’onistondagi harbiy strategiyaga aniqlik kiritishini kutmoqda”, - deydi tashkilot so’zlovchisi Jeyms Appaturay.

Obama Afg’onistondagi vaziyatga mintaqaviy jarayonlar nuqtai nazaridan qarashini aytadi. Masalan, Pokiston va bu mamlakatning Hindiston bilan munosabatlari Afg’onistonga qanchalik ta’sir qilmoqda?

Obama nazarida vaziyatni yaxshilash uchun butun mintaqani jalb qilish lozim.Shu maqsadda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishi kutilmoqda.

Shimoliy Atlantika tashkiloti yangi strategiyani muhokama qilishga tayyor. AQSh Afg’onistonda nimalarga erishmoqchi? Buni aniqlab olgach, tashkilot maqsad tomon harakat qiladi, deydi Jeyms Appaturay.

Appaturay yaqinda Pokistonning Xaybar dovonida bo’lib qaytgan. “Bu mamlakat armiyasi, afg’on xavfsizlik kuchlari va NATO o’rtasida hamkorlik yaxshi yo’lga qo’yilganiga guvoh bo’ldim” - deydi u.

Muhimi, afg’on-Pokiston chegarasini kesib o’tayotgan jangari kuchlar har ikki mamlakatga tahdid solayotganini rasmiy Islomobod tushunib yetgan.

“Afg’onistondagi jangarilar Pokistonga o’tib, shaharlarda qo’poruvchilik xurujlari sodir etyapti. Afg’oniston shikoyat qilayotgan muammo bilan Pokiston ham yuzlashmoqda”, - deydi NATO rasmiysi.

Afg’on prezidenti Hamid Karzay Tolibon bilan muloqot qilish va hatto harakat rahbarlarini saylovlarda ishtirok etishga da’vat etmoqda. Vashington bu taklifga qarshi emas. NATO ham bunga rozi.

NATO rasmiysiga ko’ra, “afg’on hukumati Tolibon bilan gaplashmoqchi bo’lsa, bu uning ishi, lekin boshqaruv avvalo xalq ishonchini qozonishi, xalqaro donorlar yordamida odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan dasturlar joriy etishi lozim. Bu amalga oshishi uchun xavfsiz sharoit yaratib berish NATO zimmasida.