Jurnalistlar: O'zbekistonda taxallus ostida yozish ham xatarli

O’zbekistonda matbuot va elektron ommaviy axborot vositalari keskin nazorat ostida qolayotgan bir sharoitda internet erkin fikr bildirishning yagona yo’li bo’lib qolmoqda.

Biroq professional jurnalistlar uchun bu imkoniyat tobora cheklanib borayapti.

“O’zbekistonda hukumatga yoqmaydigan, haqqoniy axborot tarqatuvchi mustaqil jurnalistlarga toqatsizlik kayfiyati juda kuchli. Buni hamma biladi. Muammoni bartaraf etishdan ko`ra, muammo haqida gapirgan jurnalistni bartaraf etish kayfiyati kuchli”, - deydi internet jurnalistikasi bilan shug`ullanivchi mustaqil jurnalist.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, .uz zonasida ro’yxatga olinayotgan internet sahifalari soni ortib bormoqda. Bu sahifalar orasida mustaqil axborot manbalari, mustaqil internet nashrlari deyarli yo`q.

O`zbekiston haqida, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yorituvchi nashrlar asosan mamlakatdan tashqarida ro`yxatga olingan.

Bu sahifalarga O’zbekistonda kirib bo’lmaydi. Bu nashrlarda ishlovchi jurnalistlar esa doimiy ta’qib ostida. Bir nech yil avval bu jurnalistlar taxallus bilan maqola e`lon qilan bo`lsa, hozir shu ham xavfli sanaladi.

“O’zbekistonda professional jurnalistika bilan shug’ullanuvchi insonlar juda kam. Tegishli idoralar uchun bu jurnalistlar kimligini aniqlash unchalik qiyin bo’lmaydi. Shuning uchun internet jurnalistikasi O`zbekistonda xavfli kasblardan biri bo’lib qolmoqda”, - deydi ismi ochiq aytilmasligini so’ragan muxbir.

Mustaqil jurnalistlar orasida o’z faoliyati uchun qamoqqa tashlangan, tahdidga yoki tazyiqqa uchramaganlari kam.

Yaqinda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov giyohvand moddlar savdosida ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

Abdurahmonov Qoraqalpog`iston bo`yicha respublikadagi hayot, ijtimoiy muammolar, inson huquqlari haqida ochiq yozayotgan kam sonli jurnalistlardan biri edi.

Yevropa Ittifoqi O’zbekistonda so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyatni muhokama qilishga urinib ko`rdi. Bu borada Toshkentda o’tgan xalqaro konferensiya natijasiz tugadi.

Bu konferensiyada hukumat tomonidan qatnashgan ayrim jurnalistlar mamlakatda senzura yo’qligini, tanqidiy maqolalar kamligi jurnalistlardagi ichki senzura bilan bog`liqligini ta`kidlashga harakat qildi.

Mustaqil jurnalist Sid Yanishevni faoliyati uchun kaltaklab ketishgan.

Uning so’zlariga ko`ra, mustaqil jurnalist uchun O`zbekistonda vaziyat xatarli. Mahalliy matbuotda ishlab, tanqidiy maqola chiqarish mumkin emas. Haqiqiy jurnalistika bilan shug’ullanish imkoniyati faqat internetda qolmoqda.

“Mahalliy jurnalistlar tanqidiy yozishga qo`rqmaydi, balki bu maqolani mahalliy matbuotda chop etib bo`lmasligini bilishadi”, - deydi u.