BMT qarori natija bermadi, e'tibor Misrdagi muzokaralarda

Falastin prezidenti Mahmud Abbos bugun Qohirada Ga’zodagi urushni to’xtatish bo’yicha muzokara qilmoqda.

Uning fikricha, Misr vositachiligi tomonlarni sulh tuzishga ko’ndira oladigan yagona mexanizmdir.

“Bundan tashqari, G’azoga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni kiritish lozim”, - deydi Abbos. Falastin xalqi himoyaga muhtoj.

Mojaro uchinchi haftaga kirar ekan, Misrda diplomatik harakatlar avjida. Muzokarada Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank Volter Shtaynmayer hamda turkiyalik vositachilar ishtirok etmoqda.

Ma’lumki, Isroil va Xamas jangni darhol to’xtatish to’g’risidagi BMT rezolyutsiyasini rad etgan, ammo Misr takliflarini ko’rib chiqmoqda. Isroil bugun tunda amalga oshirgan havo hujumlarida Xamasning 15 a’zosi o’lgan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni ta’biri bilan aytganda, G’azoda “terrorga qarshi urush” ketmoqda va uning qachon tugashi noma’lum.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining sulh tuzish haqidagi chaqirig’ini rad etar ekan, Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmert “operatsiya mamlakatga raketa hujumlari to’xtamaguncha davom etadi” degan.

Ga’zoni boshqaruvchi Xamas yetakchilari ham ular bilan bamaslahat ish tutilmagani va umuman Isroil blokadasi olib tashlansagina sulh haqida gapirish mumkin demoqda.

Muhammad Nazzal, Xamasning Damashqdagi vakili nazarida BMT qarori taslim bo’lish bilan barobar. “Guruh Falastin xalqini Isroil agressiyasidan himoya qilmoqda va oq bayroqni ko’tarishga unamaydi”, - deydi u.

Xamas delegatsiyasi Misrga bo’lib qaytgach, tinchlik takliflarini o’rganib chiqish uchun bir necha kun vaqt so’ragan. Isroil qo’yayotgan asosiy shartlardan biri – G’azoga Misr chegarasi orqali o’tayotgan qurol-yarog’ kontrabandasiga chek qo’yilishi kerak. Bu vazifani amerikalik harbiylarga topshirish taklifi hech bir tomonga ma’qul emas.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays mamlakatning G’azodagi vaziyat bo’yicha betaraf qolish qarorini himoya qilmoqda. AQSh tomonlarni sulh tuzishga undagan BMT rezolyutsiyasiga ovoz bermagan.

“Birinchidan”, deydi Rays, “Isroil va Xamasni bir-biriga teng tomonlar deb bo’lmaydi. Isroil BMTga a’zo mustaqil davlat, Xamas esa AQSh va Yevropa nazarida terrorchi tashkilot. Isroil o’zini bu guruhdan himoya qilmoqda”.

Kondoliza Rays nazarida Ga’zoga yashirin yo’llar orqali qurol-aslaha kirishda davom etar ekan, ehtimoliy sulh ham uzoqqa bormaydi. Uning aytishicha, “Qo’shma Shtatlar G’azodagi gumanitar vaziyatni yaxshilash maqsadida Isroilni G’azoga yordam olib kirish uchun belgilangan vaqtni uzaytirishga ko’ndirish harakatida”.

BMTning falastinlik qochqinlarga ko’mak beruvchi idorasi ham G’azodagi faoliyatini tiklash arafasida. Agentlik rahbari Jon Ging so’zlariga ko’ra Isroil harbiylari xavfsizlikni kafolatlashga va’da bergan.

“Urush zonasida muayyan qiyinchiliklar bo’lishi tabiiy, ammo Isroilning G’azoda BMT tomonidan boshqariladigan maktablarni va yuk mashinalarni nishonga olganini kechirib bo’lmaydi”, - deydi Ging. Isroil ushbu xatoliklar yuzasidan uzr so’ragan. BMT yordam dasturi G’azoda 750 ming odamni yegulik va dori-darmon bilan ta’minlaydi.