Pol Gobl: AQSh mintaqani Rossiya soyasi ostida ko'rishni bas qilsin

Dmitriy Medvedevning ta'kidlashicha, Rossiya dunyoning ayrim qismlarida o'ziga xos nufuz va ta'sir kuchiga ega.

Ayrim siyosatshunoslar nazarida, Sovet Ittifoqi qulagandan so'ng 1990-yillar boshida paydo bo'lgan va hamon qo'llanib kelinayotgan, ruschada "blizhneye zarubejye" iborasi Kremlning ana shu pozitsiyasini aks ettiradi.

Dunyodagi barcha mamlakatlar bir-biriga qo'shni yoki hamkor deb murojaat qilsa, Rossiya boshqa sobiq Sovet davlatlariga "yaqin xorij" deya qaraydi.

Rossiya qo'l cho'zsa yetadigan qo'shnilarini, xususan Sharqiy Yevropadagi ayrim mamlakatlar, Kavkaz va Markaziy Osiyoni ta'sir doirasidagi hududlar deb hisoblaydi. "Yaqin xorij" iborasining xalqaro siyosatda qabul qilinib keng qo'llanilishi, deydi siyosatshunos olim Pol Gobl, Rossiyaning bu da'vosini qabul qilish bilan barobar.

“Faqatgina bir davlatga o'z ta'sir doirasini belgilashga qo'yib berish adolatdan emas. Demak, boshqalar ham bunday imtiyozdan foydalana olishi kerak”, - deydi sobiq SSSRdagi millat va elatlar tarixini izchil o'rgangan amerikalik mutaxassis.

Tahlilchilar nazarida Rossiyada bugun nafaqat iqtisodiy krizis, balki chuqur demografik o'zgarishlar ro'y beryapti. Buyuklikka qanchalik da'vogarlik qilmasin, bugun Rossiyaning o'zi qo'shnilar ta'siri ostida.

Mamlakat aholisi yiliga 700 ming kishiga kamayib boryapti. Sabab - tug'ilish sur'ati past va yoshlar orasida o'lim sur'ati yuqori. Turli kasalliklar va ayniqsa erkaklar orasida alkogolizm keng tarqalgan. Mavjud bo’shliqni musulmonlar egallamoqda. Ular aholining tezlikda ko’payayotgan qismi.

Pol Goblning aytishicha, Markaziy Osiyodan Rossiyaga ish izlab kelganlar taxminan 12 million. Buning ustiga, armiya yaqinda xorij fuqarolarini ham yollay boshlashini e'lon qildi. “Rossiya Federatsiyasi mudofaa tizimida markaziy osiyolik va kavkazliklar xizmat qilishini bir tasavvur qiling", - deydi Gobl.

Markaziy Osiyoda, deydi olim, aksincha, sekin-asta mustaqil davlatchilik asoslari shakllanmoqda. Muammolar talay va mintaqadagi davlatlar bora-bora baribir til topishishga majbur bo’ladi, deydi Pol Gobl. Iqtisodiy-tabiiy sabablar shunga majbur qiladi.

Olim Shanxay Hamkorlik Tashkilotining qudrati oshib, unga Eron qo'shilgan tadqirda G'arbga qarshi bir tuzilmaga aylanishi mumkin, degan taxminlarni rad etadi.

Buning 3 sababi bor: tashkilotning Rossiyadan tashqari yana bir nufuzli a'zosi bu Xitoy. Bu ikki davlat na bir-birini teng deb tan olishga, na bir-biriga yon berishga tayyor. Ikkinchidan, deydi mutaxassis, Rossiya tashkilot a'zolarini hatto Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olishga ko'ndira olgani yo'q. Uchinchidan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitlari odatda quruq gap-so’zdan iborat.

“Amerika Markaziy Osiyo agar xalqaro maydonda alohida rol o’ynashini istasa, uni Rossiya soyasida ko’rishni bas qilishi kerak”, - deydi Pol Gobl. “Harbiy bazalar, o’zaro aloqalar bilan bog’liq kelishmovchiliklar zaminida Vashingtonning bu respublikalarga salohiyatsiz davlatlar sifatida qarayotgani yotadi”.