Kelasi oy Germaniya va Fransiyada Shimoliy Atlantika Harbiy Bloki, ya'ni NATOning 60 yilligi nishonlanadi. Yevropani Sovet Ittifoqi tahdididan himoya qilish maqsadida tuzilgan alyans bugunga kelib faoliyatini Yevropa tashqarisida ham olib bormoqda. Xususan Afg'onistonda. U yerda muvaffaqiyat qisman NATOning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligiga ham bog'liq, deydi Amerika Ovozi bilan suhbatda AQSh Mudofaa universiteti professori Rojer Kangas.
NATO Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqani 1994 yilda o'rnatgan. Bir necha bor hamkorlikda harbiy mashg'ulotlar o'tkazilgan. Markaziy osiyolik ofitserlar Germaniyadagi Marshall markazida ta'lim olgan. Biroq haqiqiy hamkorlik 2001 yili Afg'onistonda Tolibonga qarshi urush ketidan boshlandi. To'rt yil o'tgach, O'zbekiston AQSh harbiylarini Xonoboddagi bazadan chiqarib yubordi. Yaqinda esa Qirg'iziston ham ulardan "Manas" bazasini olib qo'yishga qaror qildi.
"Bu qaror AQSh va NATOga qo'shimcha vazifalar yuklamoqda. Yuklarni Afg'onistonga yetkazish uchun yangi yo'nalishlar qidirish kerak. Rossiya va O'zbekiston o'z hududlaridan foydalanishga ruxsat bergan, ammo alyans bu bilan cheklanmasdan boshqa marshrutlarni ham ko'rib chiqadi," deydi xavfsizlik bo'yicha mutaxassis Rojer Kangas.
Uning aytishicha, NATOning Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqishi ayni damda Afg'onistondagi operatsiyalar bilan bog'liq. Agar ulardan bu borada yordam olinmasa, qiziqish ham so'nadi, deydi Kangas.
""Manas" bo'yicha qaror qayta ko'rib chiqilishi ehtimoldan xoli emas. Har ikki tomon o'rtadagi kelishmovchiliklarni o'zaro muhokama qilib, ularga yechim topishi zarur. Ta'kidlash joizki, AQSh va Qirg'iziston ba'zi masalalarga turlicha qarab kelgan. Xususan ijara haqi, bazada sodir bo'lgan noxush voqealarga," deydi Kangas.
O'zbekistonning 2005 yil Andijon voqealaridan so'ng AQSh va Yevropa bilan sovuqlashgan munosabatlari ayni damda asta-sekin tiklanmoqda. Yevropa sanksiyalarni qisman bekor qilgan. O'zbekiston yaqinda uning hududi orqali Afg'onistonga yuklarning o'tishiga rozilik bergan. Ammo, deydi amerikalik mutaxassis, rasmiy Toshkent ilgarigidek hamkorlikka hozircha tayyor bo'lmasligi mumkin.
"O'zbekiston AQSh bilan strategik hamkorlik to'g'risidagi bitimdan ko'p narsa kutgan. Hujjat asosida Afg'onistondagi operatsiyalar va Xonobod bazasi bo'ladi deb o'ylamagan. Har ikki tomon bitimni o'zicha talqin qilgan. Shu sabab, fikrimcha, hamkorlikning oldingi bosqichiga qaytish hali erta. O'zbekiston NATO va AQSh bilan aloqalarini yaxshilashi mumkin, ammo bunga vaqt kerak," deydi Rojer Kangas.
Tahlilchining aytishicha, Rossiyadan farqli o'laroq, Markaziy Osiyo davlatlari NATOga tahdid sifatida qaramaydi va u bilan hamkorlik qilishga tayyor.
"Biroq," deydi Rojer Kangas, "mintaqa davlatlari hamkorlik ba'zi talablar asosida bo'lishini istamaydi. Masalan, NATO harbiy hamkorlikni inson huquqlari va siyosiy islohotlarga bog'laydi. Chunki xavfsizlik tushunchasi NATO talqinida kengroq ma'noga ega. Respublikalar esa ushbu talablarni davlat ichki ishlariga aralashish sifatida ko'radi," deydi tahlilchi.
Rojer Kangasning aytishicha, mintaqa davlatlariga Qozog'istonda bo'lgani kabi ko'p qirrali siyosat yetishmaydi. Rasmiy Ostonaning muvozanatni saqlay bilishi uning barcha davlatlar va tashkilotlar bilan aloqalari birday bo'lishini ta'minlaydi.
Shu hafta NATOning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Robert Simmons Qozog'istonga safar qilib, hamkorlikning yangi bosqichini muhokama qilgan.