Kambag’al davlatlarga qarz beruvchi ikki yirik tashkilot – Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon Banki moliyaviy krizisdan qiynalayotgan a’zolariga yordamni oshirish yo’llarini izlayapti.
Inqiroz kuchaygan sari ko’plab mamlakatlar bu muassasalarga qarz so’rab murojaat qilmoqda.
Bugun dunyo bo’ylab savdo-sotiq, eksport-import miqdori kamayib ko’pgina mamlakatlarning g’aznasi bo’shab qolgan. Buning ustiga kredit tizimidagi tanglik sabab qarz olish qiyin. Jahon Banki taraqqiyot loyihalarining to’xtab qolishi odamlarni kamba’g’allik domiga tortmoqda deb ogohlantirmoqda.
AQSh va Yevropa Ittifoqi nazarida 185 a’zoli Xalqaro Valyuta Fondining byudjetini ikki baravarga oshirish zarur. Qo’shma Shtatlar bu yil tashkilotga 100 milliard dollar ajratishi mumkin.
Xalqaro Valyuta Fondi rahbari Dominik Strauss-Kanning aytishicha, tashkilot nafaqat moliyaviy bazasini mustahkamlaydi, balki ish uslubini o’zgartirib, rivojlanayotgan mamlakatlarga ko’proq vakolat berishga qaror qilgan.
Hozirda jamg’arma boshqaruvi deyarli butunlay AQSh, Yaponiya va G’arbiy Yevropa davlatlari qo’lida, chunki ularning fonddagi moliyaviy hissasi katta.
AQSh qonunchilari bilan muloqotda Jahon Banki prezidenti Robert Zellik proteksionizm, ya’ni davlatlarning savdoni cheklash siyosatidan tashvish bildirgan.
Ayrim tahlilchilar nazarida, AQShning o’zi bunga yaxshi misol. Obama ma’muriyati yaqinda qo’shni Meksikadan yuk mashinalarining mamlakatga kirishini cheklab qo’ydi. Meksika bunga javoban AQSh mahsulotlariga tarifflarni oshirgan.
Amerikada ishsizlik tufayli davlatdan yordam olayotganlar soni keskin oshib, 5.5 millionga yetgan. Bu degani, odamlar ishidan ayrilgach yangisini topishga qiynalmoqda.
Inqirozdan chiqish bo’yicha takliflar bir dunyo – soliqlarni kamaytirishdan tortib banklarga to’g’ridan-to’g’ri mablag’ kiritishgacha, biroq iqtisodchilar fikricha vaziyat hali-beri yaxshilanmaydi.
Prezident Barak Obama hukumat ko’rayotgan iqtisodiy choralarni tushuntirish maqsadida Kaliforniya shtatiga safar qilgan. “Bugungi inqiroz Bush davrida yuritilgan iqtisodiy siyosat mahsuli, ammo uni yengish mening vazifam”, - deydi u.
“AQSh moliyaviy sektorida tavakkalchilik va mas’uliyatsizlikning so’nggi namunasi bu – hukumatdan yordam olgan ayrim korporatsiya rahbarlari katta mukofot puli olishda davom etayotganidir”, - deydi prezident.
Yaqinda federal hukumatdan 170 milliard qarz olgan yirik sug’urta kompaniyasi ishchilariga 165 million dollar mukofot bergani ma’lum bo’ldi. Oq uy va Kongress uni qaytarishni talab qilmoqda.