Ramziy ma'no kasb etgan tashrif
AQSh prezidenti Barak Obama Yevropa bo`ylab safarini Turkiyada yakunlaydi.
Bu tashrifga AQSh-islom dunyosi munosabatlarini tiklashga doir siyosatning muhim bosqichi deb qaralmoqda.
Obama prezident sifatida qasamyod qabul qilar ekan, musulmon olami bilan muloqotga alohida to’xtalgan.
Yaqinda AQSh ma’muriyati musulmon jamiyatida norozilik uyg’otgan “terrorga qarshi kurash” iborasidan voz kechishga qaror qildi.
Sharholvchilar fikricha, Barak Obama tashabbusi ziddiyatlar ocho’g’i hisoblanmish Isroil-Falastin mojarosida sinovdan o’tadi.
Davosda o’tgan iqtisodiy forumda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an va Isroil prezidenti Shimon Peres bahsi islom dunyosida keng muhokama qilindi.
Forumni namoyishkorona tark etgan Erdog’an Turkiyada qahramon sifatida kutib olindi, falastinliklar esa Erdog’an sharafiga namoyish o’tkazdi.
Sharhlovchilar nazarida mazkur hodisa islom va g’arb dunyosi o’rtasidagi ziddiyat o’ylangandan chuqurroq ekanini ko`rsatmoqda.
Obama musulmon olami ishonchini qozona oladimi?
Barak Obamaning AQSh va islom dunyosi aloqalarini tiklash tashabbusi iliq kutib olindi. Bu borada munozaralar davom etmoqda, islom dunyosi ziyolilari AQSh prezidentiga ochiq xat ham yo’llagan.
AQSh prezidentining tashabbusi islom dunyosida umid uyg’otdi, deydi ular.
“Barak Obama islom davlatlariga boshqacha qarayapti, yani Jorj Bush yo`l qo`ygan xatolarni to’g’rilamoqchi, bunga brinchi masala sifatida e`tibor qaratmoqchi. Obama saylanishidan shaxsan men juda xursand bo’ldim”, - deydi jurnalist Razzoq Hamidullayev.
Barak Obama o’z chiqishlarida AQSh islom dunyosiga dushman emas, do’st ekanini, AQSh qadriyatlarini yoqlash-yoqlamasidan qat’iy-nazar har qanday diniy guruhlar bilan muloqotga borish lozimgini ta’kidlab keladi.
"Terrorga qarshi kurash" iborasi endi o'tmish...
Yaqinda AQSh ma’muriyati “Al-Qoida”ga qarshi kurash davom etishini, biroq islom dunyosida norozilikka sabab bo’lgan “terrorga qarshi” kurash iborasidan voz kechilishini ta’kidladi.
Tahlillarga ko’ra, 2001 yil 11 sentyabrdagi terrorchilik voqealaridan so’ng AQSh boshlagan harbiy kampaniya islom dunyosida keskin norozilik uyg’otgan.
“Terrorga qarshi kurash bahonasi bilan adolatsizlik kuchaydi - nohaq qamashlar, o’limga hukm qilishlar. Ertami-kechmi, bu mavhumlik qonunchilikdan olib tashlanishi kerak edi. Shu tomondan men AQShni yangi mamuriyatini bu qadamini olqishlayman. Huquq-tartibot organlarida terrorizmga qarshi bo’limlar ko’payib ketdi. Shu bilan birga adolatsizliklar ham kuchaydi. Necha yillardan buyon terror degan iboraga aniq bir yuridik ta’zrif berilmagan ekan. Xalqaro terrorizmning manbalari qayerdan paydo bo’layapti, bu masala bir chekkada qolib ketayapti ”,- deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov.
Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Hamdam Sulaymon so’zlariga ko`ra, terrorchilik ildizlarini tahlil qilish vaqti etgan.
“Kuchli bir odam, kuchsiz kishiga zulm o`tkazaversa, u ochiq maydonda kurasha olmaydi, boshqa yo`llarni qidiradi, terrorizm paydo bo`ladi”, - deydi Hamdam Sulaymon.
Otanazar Oripov nazarida muloqot samarasi AQShning islom dunyosiga nisbatan siyosatida tub o'zgarishlar kechishi bilan bog`liq.
“AQSh yangi ma’muriyati kurashni mutlaqo to`xtatamiz deyayotgani yo’q. Muloqotga boramiz deyapti. Aslida kurash davom etadi, g’oyaviy usulda. Bu hali islom dunyosini tan olish degani emas”, - deydi Oripov.
Huquq himoyachilari g’arb va islom dunyosi o`rtasidagi ziddiyat, musulmon davlatlari hamon terrorizm manbai sifatida ko’rilishiga e’tibor qaratadi.
“Terrorchilik nafaqat islom dini, balki Yevropada mamlakatlarida ham bor - Ispaniya, Britaniyani oling. Muammo bu yerda ko`proq siyosatchilarda”, - deydi huquq himoyachisi Surat ikromov.
Islom dunyosi dastlab ichki ziddiyatlarni hal qilishi lozim
Sharhlovchi Akbar Aliyev islom ichkarisidagi qarama-qarshiliklarga barham berish zaruratini ta’kidlaydi.
“Iroqda Saddam Husayn diktaturasini qulatib demokratiyaga yo`l ochilishi juda katta yutuq, butun mintaqa uchun. Hozir Iroq aholisi buni payqamagandir, lekin ilg’or fikrlovchi kishilar, arab dunyosidagilar buni allaqachon payqab yetdi. Bir musulmon davlatida sen sunniy, men shia deb bir-birini g’ajishi katta jaholat”, - deydiAliyev.
So’nggi paytda AQSh ma’muriyati Eron yadroviy dasturi bilan bog`liq mojaroni ham muloqot asosida hal etishga urg`u bermoqda.
“O’ylab ko’rsak, musulmon davlatlaridan faqat Pokistonda yadro quroli bor. Shunday ekan, nima uchun Eron - musulmon davlati yadro quroliga ega bo’lmasligi kerak? Ular agar radikal guruhlar hukumatga kelib qolsa, bizga hujum qilishi mumkin deb o`ylashadi. Lekin buni muzokara bilan hal qilish mumkin. Yadro Hindistonda bor, kichkina davlat bo`lsa ham, Isroilda ham bor”, - deydi Hamdam Sulaymon.
Sharhlovchilar nazarida AQSh va islom dunyosi o`rtasidagi ziddiyat ildizi Yaqin Sharqda yashiringan.
“Musulmon, arab davlatlari bilan aloqa yaxshilansa, umumiy siyosiy vaziyat yaxshilanadi. Bu birinchidan Falastin va Isroil o`rtasidagi mojaro yechilishiga bog’liq. Xamas kurashni bas qilib, AQSh va G’arb qo’llab- quvvatloviga erishishi mumkin. Agar Isroilning tajovuzkor siyosati to`xtasa, Eron bilan AQSh munosabatlari ham iliqlashadi” , - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.
Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida Isroil va Falastin muammosiga faqat diniy jihatdan baho berish noto’g’ri.
“Yaqin Sharq mojarosiga AQSh Isroil tarafini olishi yoki olmasligiga bog’liq deb qarash noto’g’ri. Bu mojaro arablar va yahudiylar o’rtasidagi tarixiy, hududiy mojarodir”, - deydi siyosatshunos.
"Sabr-toqatli bo'lishdan boshlaylik"
Hamdam Sulaymonning aytishicha, G`arb va Sharq muloqoti asosan diniy bag’rikenglikka bog`liq.
“Bobur Hindistonni bosib olganda, turli dinga e`tiqod qiliuvchilar huquqlarini ta`minlovchi muhim qaror qabul qiladi. Hozir AQShda ham shunday tizim mavjud. Muammolarning ko`pi diniy erkinlik ta’minlanishiga bog’liq”, - deydi u.
Razzoq Hamidullayevning aytishicha, Barak Obama dunyo o’zgarishlarga muhtojligini anglagan yetakchilardan.
“Biz hammamiz bir-birimizga bog`liqmiz, buni moliyaviy krizis ham isbotlayapti. Obamada nafaqat Falastin muammosi, boshqa muammolarga qarshi turishda ham yetakchilik qilish qobiliyati kuchliligiga ishonaman”, - deydi Hamidullayev.