Rossiya rahbari: Barqarorlik inson huquqlaridan ustun emas

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, hokimiyat va fuqaro jamiyati o’rtasida ishonch tiklanmas ekan, hozirgi inqirozdan chiqish oson kechmaydi. Medvedev nohukumat tashkilotlarni kengroq hamkorlikka chorlamoqda.

“Tinchlik va barqarorlikka fuqaro erkinliklarini poymol etish hisobiga erishish yaramaydi”, - dedi Rossiya rahbari Kremlga nisbatan tanqidlari bilan tanilgan “Novaya Gazeta” nashri bilan suhbatda.

“Demokratiya va farovonlikni qarama-qarshi qo’yish yaramaydi. Rossiya fuqarolari haq-huquqini mol-davlatga almashishga tayyor degan da’volar safsata”.

Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqaro Jamiyati va Inson Huquqlari kengashi rahbari Ella Pamfilova deydiki, davlat xavfsizlik xizmati organlari huquq himoyachilari va muxolifatchilarni ta’qib qilishni bas qilishi lozim. Bu so’zlar yangragan forumda prezident Medvedev ham ishtirok etgan.

Vladimir Putin va Dmitriy Medvedev davrida Rossiyada iqtisodiy o’sish kuzatilgan bo’lsa-da, mamlakatda demokratik taraqqiyot ancha susaygani kuzatiladi.