Eronda muxolifat prezident saylovlari natijasini tan olmayapti

Eronda prezidentlikka da’vogarlardan biri Mir Husayn Musaviy saylov natijasini bekor qilishga chaqirmoqda.

Sobiq bosh vazir, Mahmud Ahmadinejodga bosh raqib deb ko’rilgan Musaviy hukumatni qalloblikda ayblab, diniy ulamolardan iborat Vasiylar Kengashiga shikoyat yo’llagan.

12 iyunda o’tgan saylov natijalariga ko’ra, amaldagi prezidentga fuqarolarning 63 foizi ovoz bergan. Mir Husayn Musaviy 34 foiz ovoz to’pladi. Yoshlarni o’ziga ergashtira olgan Musaviy natijadan norozi. U saylovni “katta siyosiy tomosha” deb atagan.

G’alabani nishonlayotgan Mahmud Ahmadinejod fikricha, saylovda aholining faol ishtiroki ularning kelajakka bo’lgan ishonchini aks ettiradi. “Xalq orzu-umidlarini amalga oshira oladigan nomzodni tanladi”, -deydi u.

Poytaxt Tehron ko’chalari bugun nisbatan tinch. Kecha natijani qoralab namoyishga chiqqan minglab fuqaro xavfsizlik kuchlari bilan to’qnashdi. Politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz va to’qmoqlar yordamida namoyishlarni tarqatishga harakat qildi. Politsiya islohotchi partiyalar a’zolarini zo’ravonlik ortida turganlikda ayblab hibsga olgan.

Ahmadinejod saylov erkin va adolatli o’tganini ta’kidlamoqda. “40 million odam unda ishtirok etdi, shuning o’zi dunyo bo’ylab havas qilsa arziydigan ko’rsatkich. Natijadan shubhalanishga asos yo’q”, - deya u xorijiy axborot vositalarini yolg’on ma’lumot tarqatganlikda aybladi.

Britaniyaning “BBC” teleradiokompaniyasi xabar qilishicha, sun’iy yo’ldosh orqali Eron va Yaqin Sharq mintaqasiga uzatiladigan eshittirish va ko’rsatuvlar uzilish va to’siqlarga uchramoqda. Al-Arabiya telekanalining Tehrondagi idorasiga esa bir haftaga yopilishi haqida bildirishnoma olgan.

Prezidentning qayta saylanishi, deydi uning maslahatchilari, hukumat ham ichki, ham tashqi siyosatda to’g’ri yo’ldan borayotgani isbotidir.

Aksariyat tahlilchilar saylovda Mir Husayn Musaviy Ahmadinejodni yenga olishini bashorat qilgan edi. Uning o’zi natija soxta ekanini ta’kidlab, mag’lubiyatni tan olmagan. Tarafdorlarini tinch namoyishlarni davom ettirishga da’vat etgan.

Musaviy Eronning ko’plab shaharlarida tarafdorga ega ekan, sharhlovchilar norozilik chiqishlari davom etishi mumkin degan fikrda. Eron Inqilobiy Gvardiyasi rahbariga ko’ra, diniy rejimga qarshi har qanday harakat ayovsiz bostiriladi.

Muxbirimiz Edvard Yeranianning hikoya qilishicha, xalqaro kuzatuvchilar saylovda ishtirok etmagan. Nomzodlar arz-shikoyatlarini Vasiylar Kengashiga yo’llash huquqiga ega.

Eron oliy rahnari Oyatulla Ali Xomeniy saylov natijasidan mamnun. Telemurojaatida Eron xalqini “siz vatan himoyachilarisiz” deya tabriklagan.

Xalqaro sahnada esa munosabat turlicha. Yevropa Ittifoqi namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganini qoralagan. “Eron yadro dasturi bo’yicha xalqaro muzokaralar davom etishi, mamlakat xalqaro majburiyatlarini bajarishi kerak”, - deyiladi ittifoqqa raislik qilayotgan Chexiya banoyotida.

AQSh rasmiylari saylovoldi kampaniyasida nomzodlar orasida kechgan qizg’in debatlarni olqishlasada, natija haqiqatdan ham xalq xohish-istagini ask ettiradimi deb so’ramoqda.

Arab Ligasi, Suriya va Falastinning Xamas jangari guruhi Ahmadinejodni g’alaba bilan tabrikladi. Isroil nazarida esa xalqaro hamjamiyat uni atom maqsadlaridan voz kechishga undashi kerak.