AQSh-Rossiya sammitida harbiy bitim imzolanadi

Qo’shma Shtatlar va Rossiya kelasi oy harbiy hamkorlik to’g’risida bitim imzolashi kutilmoqda.

Prezident Barak Obamaning 6-7 iyul kunlari Moskvaga safari oldidan, AQSh admirali Mayk Mullen Rossiya rasmiylari bilan muloqot qilgan. Uning aytishicha, Vashington va Moskva ko’p masalalarda hamfikr. Afg’oniston barqarorligi birinchi o’rinda. Ammo mudofaa tizimi bo’yicha murosadan hamon darak yo’q.

“Yevropada yangi mudofaa sistemasi o’rnatish rejasi yuzasidan fikrimiz bir joydan chiqmayapti”, - deydi Mullen.

Sal avval, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Vashington biz bilan qurolsizlanish va boshqa sohalarda hamkorlik qilishni istasa, bu rejadan qaytsin degan. AQSh rasmiylarining aytishicha, mudofaa tizimi Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar hujumini bartaraf etishga qaratilgan va Rossiyaga xavf tug’dirmaydi.

“Prezident Obama tizim o’rnatilishi borasida hozircha bir qarorga kelmagan. Uning texnik salohiyati va xarajatini ko’zdan kechiryapmiz. Xulosalar yil oxiriga borib ma’lum bo’ladi”, - deydi AQSh harbiysi.

Har ikki mamlakatda Rossiyaning Gruziyaga hujumi ketidan sovigan aloqalarni tiklashga qiziqish baland. Kelasi oy AQSh-Rossiya sammitida harbiy hamkorlikni kengaytirish to’g’risida kelishuv imzolanadi.

Admiral Mayk Mullenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Qirg’izistonning “Manas” aerodromidan foydalanishda davom etayotganidan mamnun. Ijara muhlatini uzaytirish shartnomasi Qirg’iziston parlamentida ovozdan o’tgan. Ijara haqqi yiliga 60 million dollar, avvalgisidan uch baravar ko’p.

“Afg’onistondagi harbiy amaliyotlarning muvaffaqiyatida bazaning o’rni katta. Muqobil tranzit yo’llarini ham ko’rib chiqdik. “Manas” harbiy talablar darajasida jihozlangani va strategik joylashuvi bilan bizga ma’qul”, - deydi admiral Mullen.

Uning rossiyalik hamkasbi general Nikolay Makarov ham Qirg’iziston qarorini olqishlagan. Makarovga ko’ra, Vashington Rossiya hududi orqali ham noharbiy yuk olib o’tishda davom etadi.

Sharhlovchilar “Manas”dan Amerika harbiylarini chiqarish qarori ortida Kreml turganini ta’kidlagan edi. Rossiya rasmiylari “Afg’onistonda terrorchilar yo’q qilinishidan biz ham manfaatdor” deya, bunday da’volarni rad etgan.