Obamaning Moskvaga tashrifi O'zbekiston ziyolilari nigohida

Barak Obamaning Moskvaga tashrifi Markaziy Osiyoda katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Sharhlovchilar nazarida muloqot qilinayotgani ijobiy hol va muzokaralar geosiyosiy tarangliklarni yumshatishga xizmat qiladi.

Faollar esa Obama va Medvedev inson huquqlari va erkinliklari bilan bog’liq ahvol haqida ham gaplashadi degan umidda.

O’zbekistonda sharhlovchi Bahodir Musayev fikricha yuzma- yuz uchrashuvlarda siyosiy pozitsiyalar oydinlashadi.

“Gruziyadagi urushdan keyin AQSh va Rossiya aloqalari keskinlashgan edi. Bu uchrashuv Kremlning shubhaga asoslangan siyosatini qanchalik o’zgartiradi? Ana shu narsa eng muhimi”,- deydi u.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov esa uchrashuvlar qanday day yakun topishidan qat’iy nazar Obamaning Moskvaga tashrifi siyosiy burilishlarga turtki beradi.

“AQSh raketa hujumlariga qarshi mudofaa tizimini Markaziy Yevropada joylashtirish niyatidanvoz kechishi mumkin. Lekin xalqaro maydondagi asosiy masalalarda AQSh pozitsiyasi o`zgarmaydi. Obama bu pozitsiyalar Rossiyaga qarshi qaratilmaganini aytib o`tishi mumkin xolos”, - deydi Tolipov.

Rossiya siyosiy doiralarida sovuq urush davriga xos qarashlar kuchli. Amerika ular nazarida hamon dushman davlat.

“Shu bilan birga”,- deydi Farxod Tolipov “AQShga demokratik jihatdan hamkor sifatida qarayotgan guruhlar ham bor”.

Tahlilchilar Markaziy Osiyoning G’arb bilan munosabatlarida Kreml muhim rol o’ynashini tan oladi. Rossiya harbiy qudratini oshirishga urinayotgani, mintaqa iqtisodiy jihatdan Rossiyaga tobe ekani, Kremlning G’arbga nisbatan yangi glok tuzishga harakat qilayotgani, deydi sharhlovchilar, Amerika va Yevropa uchun o’ziga yarasha katta to’siqlar qo’yadi".

Hozirgi Rossiya tashqi siyosati sobiq SSSR davridagi siyosatdan uncha farq qilmaydi. Tarafkashlikdan chiqib keta olgani yo`q. Ikkinchidan Rossiyada buyuk millatchilik siyosati hukmron”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev. Uning fikricha Vladimir Putin tutgan yo’l bunga yaqqol misol.

Kreml AQShning Markaziy Osiyodagi harbiy bazalarini tahdid sifatida ko`radi.

Huquq himoyachilari Amerikadan mintaqada inson huquqlari va erkinliklari e’zozlanishi uchun hissa qo’shishni so’rab kelmoqda. Obama “Demokratiyani quvvatlashda davom etamiz”,- deydi. Lekin amalda hali biror siljish bo’lgani yo’q.