Xitoy ilm ahli hukumatdan mashhur uyg’ur iqtisodchi Ilhom Toxtini qo’yib yuborishni so’ramoqda. Olim Shinjondagi namoyishlarga aloqadorlikda ayblanib, o’tgan hafta hibsga olingan.
Amerika matbuotining yoritishicha, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida alanga olgan norozilik qisman iqtisodiy siyosatga borib taqaladi.
Pekinda nomi chiqqan 39 yoshli iqtisodchi Ilhom Toxti Xitoy hukumatiga nisbatan tanqidiy maqolalari bilan tanilgan.
Poytaxtdagi Millatlar markaziy universiteti professori politsiya tomonidan uyidan olib ketilgani haqida yaqinlariga xabar bergan.
Ilhom Toxtining veb sahifasida uyg’urlar hayoti, ularga muhim bo’lgan masalalar muhokamaga qo’yilar edi. Ayni paytda sahifa yopiq.
Urumchidagi qonli zo’ravonlikka, Xitoy rasmiylarining ta’kidlashicha, chet eldagi uyg’ur faollar qatorida mana shu kabi veb saytlar “mish-mish va yolg’on ma’lumot tarqatib”, turtki bergan.
Ilhom Toxti uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan hududni xitoylashtirish siyosatini ko’p bora tanqid qilgan va bu hukumatga yoqmasligini bilardi, deb yozadi “Nyu-York Tayms” gazetasi. Uning aytishicha, Shinjonda migratsiya va ijtimoiy tengsizlik kuchli, uyg’urlar orasida ishsizlik dunyo bo’yicha eng yuqori. Buni AQSh hukumati ham tasdiqlaydi.
Olimni ozod etish haqidagi petitsiyaga imzo chekkan hamkasblari, jurnalist, ziyoli va yozuvchilarning aksariyati xitoylar. “Bizda demokratiya yo’q”, deydi ulardan biri Ran Yunfey, “ammo so’z erkinligi bo’lishi kerak. Birovni fikr bildirgani uchun qamoqqa olish adolatdan emas”.
“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Xitoyda 2002 yilda boshlangan mehnat eksporti dasturi, ya’ni uyg’urlarni boshqa viloyatlarda ishga joylashtirish va, aksincha, xitoylarni Shinjonga ko’chirish siyosati norozilik namoyishlariga turtki bo’lgan omillardan.
Maqolada yozilishicha, avvaliga ishtirok ko’ngilli bo’lgan mehnat dasturi keyinchalik majburiy tus olib, uyg’urlar ishsizlik keng tarqalgan chekka qishloqlardan shaharga ko’chirila boshlandi. Uydan uzoqda joylashgan korxonalarda har bir oiladan kamida bir kishi ishlashi kerak, aks holda jarima solinadi.
Rasmiylarga ko’ra, maqsad uyg’urlar uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, turmush darajasini yaxshilash. Ularga ko’proq maosh, til va malaka oshirish kurslari va bepul tibbiy xizmat va’da qilingan. Ayrim uyg’urlar mamnun va dasturga jon deb qo’shilgan. Boshqalari esa uni majburiy deb tanqid qiladi.
Guandong provinsiyasidagi o’yinchoq fabrikasi, deb yozadi “Vashington Post”, yaqingacha mehnat eksportining mahsuli deb g’urur bilan tilga olinardi. Ishchilarining mingga yaqini uyg’urlar.
Namoyishchilar bu yerda ikki kishining o’limiga sabab bo’lgan to’qnashuvni tekshirishni so’rab ko’chaga chiqqan edi. To’polondan ikki kun o’tib, fabrika ma’muriyati yechim bilan chiqdi – xitoy va uyg’ur ishchilarni bir-biridan ajratish. Endi ular alohida tsex, yotoq va oshxonadan foydalanadi.