Al Qoida rahbari Osama bin Laden yangi audio murojaatida prezident Obamani Afg'onistondagi urushni to'xtatishga da'vat etmoqda. Ammo, deydi u, AQShdagi ba'zi guruhlar unga bu ishni qilishga imkon bermaydi.
Bin Ladenning aytishicha, al Qoidaning 2001 yil 11 sentyabrida AQShdagi xurujlari Falastinni Isroil istilosidan ozod qilishga qaratilgan harakat bo'lgan.
11 daqiqalik bayonotida bin Laden AQShning Isroilga yordamini qoralab, uni adolatsizlikda ayblaydi.
"Obama ma'muriyatidan sobiq prezident Jorj Bush safdoshlari o'rin olgan, xususan Mudofaa vaziri Robert Geyts. Obamaning pozitsiyasi zaif. Geyts kabi siyosatchilar hamda Obama atrofidagi Isroilga xayrihoh guruhlar va biznes manfaatlarni ko'zlovchi doiralar unga Afg'onistonga doir siyosatni o'zgartirishga yo'l qo'ymaydi, aks holda uning taqdiri sobiq prezident Jon Kennedi va ukasi Robert Kennedilarnikiga o'xshab fojiali bo'ladi," deydi al Qoida yetakchisi.
Bin Laden so'nggi marta iyun oyida audiomurojaat tarqatgan edi. O'shanda u prezident Obamani Amerika musulmonlari orasiga nifoq solishga harakat qilayotganlikda ayblagan edi.
Bin Ladenning qayerdaligi noma'lum, ammo taxminlarga ko'ra Pokiston tog'larida yashirinayotgan bo'lishi mumkin. Rasmiy Islomobod yaqinda terrorchilar rahbari o'lgan deya bayonot chiqargan edi. Biroq AQSh nazarida buni tasdiqlovchi dalil yo'q.