AQShning Pokiston va Afg’oniston bo’yicha diplomati Richard Xolbrukning aytishicha, Pokistonga atalgan yordam biror shart-talabsiz beriladi. Qo’shma Shtatlar allaqanday talab qo’yibdi degan gaplar yolg’on, deydi u.
Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton tez kunda Pokistonga safar qilib, ushbu yordam va unga aloqador mavzularni muhokama qiladi.
Xavfsizlik nuqtai-nazaridan Klintonning safari tafsilotlari ma’lum qilinmayapti. Richard Xolbrukning aytishicha, vazira gumanitar yordam va Pokistonda jangarilarga qarshi kechayotgan kurash xususida gaplashadi.
Qo’shma Shtatlar Pokistonga kelasi besh yilda 7.5 milliard dollar yordam ajratar ekan, bu loyiha atrofida gap-so’z ko’p. Hujjatga ko’ra, Oq Uy loyiha borasida Kongressga muntazam hisobot berib turishi kerak – Pokiston hukumati bergan va’dasining ustidan chiqdimi, armiya ustidan nazoratni boy bermayaptimi degandek.
Lekin mana shu band Pokistondagi ayrim arboblarga ma’qulmas, bu – mamlakat suverenitetiga tahdid, deydi ular.
AQSh Pokiston rasmiylarini tinchlantirishga harakat qilmoqda. Biroq shu hafta ma’qullangan, 700 million dollarlik mudofaa hujjati bahs-munozarani avj oldirishi mumkin. Unga binoan, Pokiston AQShdan olgan harbiy yordamni faqat jangarilarga qarshi kurash yo’lida sarflashi mumkin.
AQSh diplomati Richard Xolbruk so’zlariga ko’ra, hujjatdagi talablar Oq Uyga taalluqli. Kongress pul ajratar ekan, Oq Uyga, prezident ma’muriyatiga mablag’ shu-shu uchun atalgan, deb aytadi. Azaldan shunday bo’lib kelgan. Loyiha Pokiston manfaatlariga xizmat qiladi, deydi AQShning mintaqa bo’yicha elchisi.
Afg’oniston xususida to’xtalar ekan, Xolbruk noyabrga belgilangan prezident saylovlari avvalgisidan silliqroq kechadi, degan fikrda.
Xolbruk fikricha, saylovda bor-yo’g’i ikki nomzod bor. Bu esa jarayonni ancha osonlashtiradi. Saylov tizimi ham pishiqroq, har holda tajriba bor. AQSh qo’shini esa jarayon tinch o’tishini ta’minlab beradi, deydi u.