BMT Pokistondagi qochqinlarga yordamni oshirmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qochqinlar agentligi Pokistonfaoliyatini kengaytirmoqda.

Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarida Tolibonga qarshi janglar sabab uy-joyidan ayrilgan aholi har jihatdan yordamga muhtoj.

Janubiy Vaziriston Tolibon va al-Qoidaga qarshi urushning asosiy fronti ekan, Pokiston armiyasi aholini bu hududlarni tark etishga undamoqda.

Yuz minglab aholi hozir lagerlarda, xarobalarda yashamoqda. Bolalar, xotin-qizlar salomatligi xavf ostida.

BMT Qochqinlar agentligi vakili Andrey Maxechichning bildirishicha tashkilot 6 million dollar ajratib, qochqinlarni yangi chodirlar bilan ta’minlaydi. Lekin qochqinlar soni aniq emas.

“Shuni bilamizki, mavjud lagerlar odam bilan to’lib ketgan, joy yetishmayapti. Ismoil Xon darasi deya tanilgan tumanga yuzlab chodirlar yuborildi”,- deydi BMT vakili.

Janubiy Vaziristondan kelayotgan qochqinlarga oziq-ovqat, zarur anjomlar, gigiyena vositalari tarqatilmoqda. Yordamni tashkil etish oson emas. 24 mingga yaqin oila, jami 175 ming kishiga ko’mak berildi, lekin bu kam”,- deydi Andrey Maxechich.

Mintaqada xavf darajasi baland, bu esa insonparvarlik ishlarini sekinlashtiradi. BMT mahalliy hamkor va mutaxassislarsiz faoliyat yuritishi qiyin.

“Ismoil Xon darasi va Tank tumanlarida 48 ming oila yordam kutmoqda. 350 ming odam. Ularni ro’yxatga olish, ahvoli bilan tanishish, eng zarur yordamni berish, ularni lagerlarga joylashtirish, bular juda murakkab vazifalar. Bizga mablag’ kerak, ishini va til biladigan mutaxassislarga muhtojmiz”,- deydi BMT vakili.

Qolida qochqin degan hujjati bo’lmagan shaxs biror ko’mak ololmaydi. Urushdan qochib madad izlab kelgan odamlar soatlab, hatto kunlab navbatda turib, ro’yxatdan va ko’rikdan o’tmoqda. “BMT buning azobini tushunadi, ammo biz odamlarning qayerdan nima uchun kelganini bilishimiz shart”,- deydi qochqinlar agentligi xodimlari.