Afg'onistonda kelasi bir yarim yil hal qiluvchi davr bo'ladi


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Afg’onistonda Amerika qo’mondonlari bilan uchrashmoqda. Obama va’da qilgan qo’shimcha harbiy yordam Tolibon ustidan g’alaba qozonishga turtki beradi, deydi Geyts.

Bu orada AQSh va NATOning Afg’onistondagi qo’mondoni, general Stenli Makkristal Kongressda so’zlab, kelasi bir yarim yil hal qiluvchi davr bo’ladi degan.

General Makkristal so’zlariga ko’ra, Afg’onistondagi urush anchagina sarf-xarajat va sabr-matonat talab qiladi. Biroq xalqaro koalitsiya maqsadiga erishadi, deydi qo’mondon.

“Qo’shimcha askarlar tez kunda xizmatga jo’naydi. Kelasi yil oxirigacha jangarilarni butunlay barbob qilishga bel bog’laganmiz. 2011 yilda esa afg’on xalqi o’zgarishni sezib, hukumatga ishonchi ortadi”, - deydi Makkristal.

Afg’onlar oxirgi yillarda xalqaro qo’shindan hafsalasi pir bo’lgan. Korrupsiya va beqarorlik odamlarning kelajakka ishonchini pasaytirgan.

AQShning Afg’onistondagi elchisi Karl Aykenberri bugun ham Kapitoliyda qonunchilar oldida hisobot bermoqda. Diplomat Hamid Karzay hukumatini tanqid qilib, mamlakatga qo’shimcha askar jo’natish qarori borasida shubha bildirgan edi.

Biroq elchi Obama rejasini har jihatdan qo’llab-quvvatlab missiya zaruriyatini tushunishini aytmoqda.

Elchi Kongressni afg’on armiyasini kuchaytirish uchun mablag’ ajratishga chaqirmoqda.

Aykenberri va Makkristal Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni uzoq davr mobaynida qo’llab-quvvatlashi kerak bo’ladi degan fikrda. Bu kelasi ikki-uch yilda bitadigan ish emas, deydi ular.