Nigeriya fuqarosi AQShda samolyotni portlatishga uringan

AQShda 23 yoshli Nigeriya fuqarosiga samolyotni portlatishga uringanlik aybi qo’yilmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, Umar Farux Abdul Mutallab bortida 278 kishi bo’lgan samolyotni Detroyt shahri aerportiga qo’nish paytida portlatmoqchi bo’lgan. Ham mahalliy, ham xalqaro yo’nalishlarda hozir xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Sud hukmi bugun ayblanuvchiga Michigan shtati kasalxonasida o’qib eshittirildi. Umar Farux Abdul Mutallab portlovchi moslamani ishga solayotgan payt chiqqan yong’indan kuygan. Samolyotda olov hidini sezgan yo’lovchilar uni to’xtatib qolgan.

Guvohlarning hikoya qilishicha, Abdul Mutallab samolyot Detroyt shahriga yaqinlashayotganda hojatga kirib ketgan. Qaytib chiqib, o’rniga o’tirib, ustiga adyol tortgan. Ko’p o’tmay kichik portlash yangrab, yong’in chiqqan.

AQSh rasmiylari voqeani terakt deya baholamoqda. Tergovchilarning so’zlariga qaraganda, savol-javob paytida Nigeriya fuqarosi Yamanda Al-Qoida bilan aloqada bo’lgani, o’sha yerda tayyorgarlikdan o’tganini tan olgan.

“Baxtimizga qonli fojia ro’y bermadi”, - deydi kongressmen Benni Tompson. Qonunchilar ta’tildan qaytgach masalani obdon o’rganishini aytmoqda.

Nigeriyaning AQShdagi elchisi Babagana Vakil “Amerika Ovozi” bilan suhbatda AQSh Federal Qidiruv byurosi bilan tergovda hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Ayblanuvchi Nigeriyada o’ziga to’q oiladan. Uning yaqinlari voqeadan shokda ekanini aytmoqda. Otasi, mamlakatda nomi chiqqan tadbirkor-bankir, o’g’lining hatti-harakatidan chuqur afsusda.

Umar Farux Abdul Mutallab, musulmon, Togo va Londonda tahsil olgan. Oilasi bilan aloqani uzib, bir necha bor Yamanga safar qilgach, otasi bu haqda Amerika rasmiylariga xabar bergan. Terakt sodir etishga urinish aybi bilan 20 yilga qamalishi mumkin.