AQShda yosh avlod orasida semizlik eng keng tarqalgan kasalliklardan. Qolaversa, jinoiyatchilik tarixi va ilmining sayozligi tufayli ko'plab amerikaliklar armiyaga qabul qilinmaydi.
Ish topish qiyin ekan, so'nggi paytlarda harbiy xizmatga qiziqish ortgan. Askarlarga ko'plab imtiyozlar beriladi. Xizmatdan keyin ular davlat hisobidan oliygohlarda o'qishi, umrining oxirigacha qator imkoniyatlardan foydalanishi mumkin.
Hujjat topshirayotganlar ko'p va raqobat kuchli. Lekin ertaga iqtisodiy ahvol yaxshilanib, ishsizlik ko'lami kamaysa, qo'shma shtatlar qurolli kuchlari qiynalib qolishi mumkin.
Serjant Terrens Pyu urush maydonida xizmat qilmaydi. Ammo kollejda unga yuklangan vazifani oson deb bo’lmaydi. U armiyaga yangi askarlar yollaydi.
"Ko’pchilik ilojsizlikdan harbiy xizmatni tanlaydi",- deydi u. “Odamlarga askarlik qiziqmas. Hayot majbur qilgani uchun, boshqa yo’l qolmagani uchun tanlashadi”.
“Qizimni deb qo’lga qurol oldim”,- deydi Vernika Givens, yaqingacha ishsiz yuzgan amerikalik.
“Tibbiy xizmat bepul, maosh uzmay to’lanadi. Qizimning o’qishi uchun hozirdan pul jamg’arib borishim mumkin”.
Vernika Givens armiyaga yaroqli deb topilgan sanoqli yoshlardan. Xizmatga qo’shilish uchun ariza topshirgan 10 kishidan yetti nafari o’qish va hisob-kitob imtihonidan o’ta olmaydi.
So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Amerikada 17-24 yoshlardagi fuqarolarning 75 foizi askarlikka yaramaydi. Ba’zilari maktabni tugatmagan, jinoiyatchilikka qo’l urgan yoki haddan tashqari semiz, jismonan pishiqmas.
“20-30 yildan keyin AQSh mudofaasini hozir bog’cha, maktabda yurgan bolalar ta’minlaydi. Ularni hozirdan chiniqtirish kerak," - deydi iste'fodagi general Jeymi Barnett.
Jeymi Vitaker a’lochi o'quvchi, yaxshi suzadi. Kelgusida AQSh Havo kuchlari safiga qo’shilmoqchi. Armiyaga, deydi Barnett, bunaqa zobitlar suv bilan havodek zarur.
Iste’fodagi harbiylar AQSh Kongressiga murojaat qilib, bolalarni yoshlikdan tayyorlovchi dasturlarni ko’paytirishga, buning uchun yiliga bir milliard dollar ajratishga chaqirmoqda.