Falastin va Isroil tez kunda muzokaraga qaytishi kutilar ekan, yahudiy davlati Iordan daryosining g’arbiy sohilida 100 dan ziyod yangi imorat qurmoqchi.
Bu loyiha AQSh da’vat etayotgan tinchlik muloqotiga zarba berishi mumkin.
AQShning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus elchisi Jorj Mitchell Isroil va Falastinda bo’lib, tomonlarni muzokara qilishga ko’ndirgan edi.
Vitse-prezident Jo Bayden ham bugun mintaqaga yetib borgan.
Jorj Mitchell hozir bu mintaqada va Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, g’arbiy sohilda esa Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashmoqda. Har ikki arbob AQSh vositachiligida muzokara stoliga qaytishga rozi. Tomonlar Isroil-Xamas urushidan, ya’ni o’tgan yil boshidan beri gaplashmay keladi.
Falastin tomoni xavfsizlik muammolari va bo’lg’usi Falastin davlati chegaralarini muhokama qilish niyatida.
Abbos ma’muriyati g’arbiy sohil va Sharqiy Quddusda yahudiy posyolkalari qurmaslikni talab qilmoqda. Falastin hududni bo’lajak davlati uchun mo’ljallab keladi. Biroq Isroil bunga ko’nmagan.
Mintaqaga bot-bot safar qilgan AQSh rasmiylari nihoyat ziddiyatni yumshatishga, muzokarani jonlantirishga erishgan ko’rinadi. Elchi Jorj Mitchell tomonlar bilan uchrashar ekan, regionga besh kunlik safarini boshlagan AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden ular davrasiga qo’shildi.
Biroq kutilmaganda Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohili, Beytar Illit tumanida yahudiylar uchun 112 imorat qurish rejasini e’lon qilgan. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bu istisno demoqda. Falastin tomoni Isroilni buzg’unchilikda, muzokaraga atayin halaqit berayotganlikda ayblamoqda.