BMT maxfiy qamoqxonalarni tekshirmoqda, ayrim davlatlar norozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti jahon bo’ylab yashirin qamoqxonalarni tekshirib chiqqan.

Tergov xulosalaridan norozi davlatlar, jumladan Rossiya hujjatni rasman muhokamaga qo’ymaslikni va tashkilotning internetdagi sahifasidan olib tashlashni so’ramoqda.

200 sahifadan iborat hujjatda 10 dan ortiq davlat nomi tilga olinadi. Mahbuslarni qonun himoyasidan ayirib, maxfiy qamoqxonalarda so’roq qilgan yoki ulardan ma’lumot olish maqsadida uchinchi bir joyga ko’chirishda ishtirok etgan mamlakatlar, deydi Manfred Novak, BMTning qiynoqlarni taftish qilish bo’yicha maxsus tergovchisi.



“Qo’shma Shtatlar mahbuslarni chetga ko’chirishning murakkab usullarini ishlab chiqqan va yo’lga qo’ygan davlat sifatida BMT hisobotida alohida o’rin egallaydi. Bu shaxslar asosan Afg’oniston va Pokistonda ushlangan, ba’zida esa maxfiy xizmatlar tomonidan o’g’irlangan. Yashirin maskanlarga ko’chirishdan maqsad ulardan terror hujumlari haqida ma’lumot olish”, - deydi Manfred Novak.

BMT ayniqsa Jorj Bush prezidentligi davrida uning qo’li ostida ishlagan yuqori lavozimdagi rasmiylarni keskin tanqid qiladi. AQSh 2001 yil xurujlaridan so’ng terrorizmga qarshi kurash boshlab, jarayonda xalqaro qonunlarni poymol etdi, deydi Manfred Novak.

“Birovni o’g’irlash yoki qiynoqqa solish AQSh qonunlarida jinoyat deb belgilangan. Biz olib borgan tergov xulosalariga asoslanib, pinhona inshootlardan foydalanishga ruxsat bergan rasmiylar javobgarlikka tortilishi shart”.

Aytib o’tish joiz, mahbuslarning turmada yashirin saqlanishi, xo’rlanishi va qiynoqqa solinishi dunyoning ko’pgina nuqtalarida oddiy holat. BMT ommaga havola etgan hujjatda bu jamiyatlar sanab o’tilgan.

Rossiya, Afrika mamlakatlari va qator musulmon davlatlar uning muhokamaga qo’yilishiga qarshi. Masala shu bois iyunga qoldirilgan.

Bush ma’muriyatida ishlagan arboblar fikricha tergov xulosalari asossiz. 2001 yildan keyingi xalqaro vaziyat hisobga olinmagan, deydi Jon Bolton, Amerikaning 2005-2006 yillarda BMTdagi vakili.

“Maxsus turdagi qamoqxonalar xalqaro qonunga zid deb jar solayotganlar ko’zini kattaroq ochsin. 2001 yilda qilingan xurujlarni AQShga qarshi urush deb qabul qilganmiz. Har bir davlat o’zi himoyaga qilishga haqli. BMT Inson Huquqlari Kengashi yaxshisi Eron, Shimoliy Koreya va Birmadagi ahvolni tekshirsin”, - deydi AQSh sobiq diplomati.

Jon Bolton fikricha, mahbuslarning og’ziga suv quyish kabi usullar qiynoq deb ko’rilishi yoki ko’rilmasligi ham mumkin. Bu usul qanday qo’llanishiga bog’liq. Bush ma’muriyati, deydi u, xavfsizlik idoralari va huquqshunoslar bilan kengashib, ish tutgan.

“Terrorda ayblangan odam AQSh qamoqxonasidan sog’ chiqmaydi degan gaplarni ko’p eshitamiz. Qiynoq deganda ularning tish-tirnog’ini qo’porib olayotgan tergovchilarni tasavvur qilishadi. Hammasi bekorchi gaplar”, - deydi Jon Bolton.

Uningcha, BMTning maxfiy qamoqxonalar haqidagi hisoboti rasman qabul qilingan taqdirda ham AQSh qonunchiliga ta’sir qilmaydi. Huquq faollari nazarida muhimi bu jinoyatlarni fosh etish, toki hukumatlar bu qabih usullardan voz kechsin.