Qirg'izistonda Qurmanbek Bakiyev g'alayonlar ketidan janubga qochib, hokimiyat muvaqqat hukumat qo'liga o'tar ekan, mamlakatni normal hayotga qaytarish va buning uchun zarur institutlar faoliyatini tiklash dolzarb vazifa.
Hokimiyat tepasiga kelgan muxolifat nazarida Qurmanbek Bakiyev, undan oldingi rahbar Askar Akayev kabi, prezidentlikni suiste'mol qilib, avtoritarizmni kuchaytirdi. Ayni damda mamlakatda boshqaruvni parlament tizimiga o'tkazish va buning uchun zarur konstitutsion islohotlarni amalga oshirish harakatlari avjida. Qo'shma Shtatlar bu ishda muvaqqat hukumatga yordam berishini aytmoqda.
"Muvaqqat rahbar o'rinbosari Olmosbek Atambayevning aytishicha, Qirg'iziston parlament respublikasi bo'lishi, prezident vakolatlari cheklanishi kerak. Turli modellarni o'rganyapmiz. Germaniya yoki Turkiya konstitutsiyasini andoza qilib olishimiz mumkin", - deydi u.
Qirg'izistonlik mustaqil tahlilchi Tamerlan Ibragimovning aytishicha, parlament respublikasiga o'tishdan oldin siyosiy partiyalar murosa qilishni o'rganishi lozim.
"Mamlakatimizda demokratiya haqida tushuncha umuman yo'q deya olmaymanu, ammo uning nima ekanligini odamlar yaxshi bilmaydi. Demokratiyada siyosiy madaniyat va jarayonlar, muzokara va murosa qilish san'ati muhim ekanini yaxshi anglashmaydi", - deydi mutaxassis.
Qirg'iz davlat universiteti professori Murat Suimbayev parlament tizimi respublikada siyosiy korrupsiyani kuchaytirishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.
"Mahalliychilik kuchayadi. Prezident Bakiyev hokimiyatni suiste'mol qilganida, aybdor kim ekani aniq edi. Yangi tizimda esa kollektiv mas'uliyatsizlik oshadi. Parlament va undagi 100 ta qonunchi hokimiyatni suiste'mol qilsa, aybni kimga qo'yishni bilmay qolamiz", - deydi professor.
Tahlilchi Tamerlan Ibragimovning aytishicha, xalq iqtisodiy hayoti yaxshilanishi va odil hukumat bo'lishini talab qilmoqda, siyosatchilar esa parlament saylovlariga tayyorgarlik ko'rmoqda.
"Siyosatchilarning o'yu-xayoli saylovlarda. Yagona rahbar haqida o'ylayotganlar yo'q, deb hisoblayman. Siyosiy partiyalar saylovlarda g'alaba qilish uchun saflarini kuchaytirishga intiladi", - deydi Ibragimov.
Professor Murat Suimbayev nazarida siyosatchilarning aksariyati Sovet davridan qolgan sobiq kommunistlar yoki zavod direktorlari. Hech qaysisi xalq turmushi haqida qayg'urmaydi, deydi u.
"Ular o'sha paytda faqat iqtisodiyot haqida, planni bajarish haqida o'ylagan. Siyosatchilarimiz madaniyat, sivilizatsiya kabi qadriyatlarni bilmaydi, bilishni ham istamaydi", - deydi olim.
Suimbayevning aytishicha, bunday qadriyatlar qatoriga erkin va ochiq saylovlar, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va erkin matbuot kiradi. Bularni oddiy xalq ham tushunmaydi, deydi u.
Ammo, deydi professor, o'tmishda ko'chmanchi hayot kechirgan qirg'iz xalqi ko'chmanchilarga xos erkinlik hissini yo'qotmagan va bu narsa so'nggi ikki inqilobda o'z aksini topdi.