Qirg’izistonda muvaqqat hukumat demokratiyani tiklash uchun maxsus dastur ishlab chiqqan.
Muvaqqat rahbar Roza Otunbayevaning muovini Omurbek Tekebayevning aytishicha, “Demokratyaga qaytish” shiori ostidagi islohotlar loyihasi shu yil oxirida xalq hukmiga – referendumga qo’yiladi.
Olti oy ichida saylov o’tkazish rejalangan.
Janubiy viloyatlar O’sh va Jalolobodda to’polonlar davom etmoqda.
Kecha Jalolobod shahrida sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari viloyat hokimiyat binosini qurshab olgan, ammo ko’p o’tmay tarqalgan.
Bugun esa qariyb ming nafar militsiyachi O’sh shahrida miting uyushtirgan.
Bishkekda ham bugun bir necha yuz kishi transport qatnovini to’sib qo'ygan.
Shahar notinch va qarovsiz ekani, huquq-tartibot organlari vaziyatni qo’lga olishga ojizlik qilayotgani aytilmoqda.
Bishkek atrofida ham to’qnashuvlar ketayotgani haqida xabarlar bor.
Bu orada Bakiyev Qozog’istonni tark etgan. U o'tgan hafta mahalliy va xalqaro bosim ostida prezidentlikdan voz kechib, Ostonaga borgan edi.
Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi uning qayerga yo’l olganini ma’lum qilmayapti.