Afg'onistonda yarim million odam urush tufayli uyini tashlab chiqqan

  • Amerika Ovozi

Kobul, Afg'oniston

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotining bildirishicha, afg'on urushi natijasida yarim million fuqaro turar-joyini tark etishga majbur bo'lgan, oziq-ovqatga muhtoj, ta'limdan mahrum.

"Gumanitar ahvol og'ir, inson huquqlari toptalgan", deyiladi tashkilot hisobotida.

Unga ko'ra, bu odamlar anti-sanitariya holatda yashashmoqda. Ayniqsa Kobul tevaragidagi lagerda og'ir sharoit tufayli kamida 28 bola o'lgan.

Xalqaro Amnistiya vakili Maykl Bochenekning aytishicha, uysizlar soni oshmoqda.

"Kuniga 400 odam mojaro zonalaridan qochmoqda. Ammo borarga joyi yo'q. 2008-yildan beri ahvol yomonlashmoqda", - deydi u.

Tashkilotning yana bir mutaxassisi Sem Zarifiyning aytishicha, mahalliy rasmiylar bunday odamlarni jabrdiyda sifatida ko'rishdan bosh tortib, ularga yordam ko'rsatmayapti.

"Muammoni hal etish uchun ularda na reja va na resurs bor", - deydi Zarifiy.

Xalqaro Amnistiya xalqaro koalitsiya va Afg'oniston hukumatidan urush tufayli uyidan ayrilgan odamlar yordam ko'rsatishga, Tolibondan esa ular nazoratidagi hududlarga gumanitar yordamga yo'l berishga chaqirmoqda.