BMT ning Jahon oziq-ovqat dasturi hisobicha, Afg'onistonda qurg'oqchilikdan aziyat chekayotgan uch milliongacha aholiga zudlik bilan moliyaviy yordam ko'rsatilmasa, afg'onlar ochlikka yuz tutadi. Donor davlatlar tashkilotga va'da qilgan yordamini bermagani tufayli oziq-ovqat dasturlari qisqartirildi.
Afg'onistonda bu yil yog'ingarchilik kam bo'lib, bug'doy yaxshi hosil qilmadi. Qishloq xo'jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vazirligiga ko'ra, hosil o'tgan yilgidan 28 foizga kam bo'lishi kutilmoqda.
Salkam ikki million tonna bug'doy kamomadi 12 millionga yaqin odam hayotiga salbiy ta'sir qilishi aniq. Jahon oziq-ovqat dasturi ma'lumotiga ko'ra, aksariyatini yegulik bilan hukumat ta'minlaydi, ammo uch milliongacha odamni to'ydirish uchun qo'shimcha pul kerak.
Tashkilotning Afg'onistondagi bo'limi vakili Bredli Gerantning aytishicha, xalqaro donorlardan mablag' bo'lmasa, ahvol og'irlashadi.
Guruh yetti million yo'qsil afg'onni boqishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqqan. Buning uchun yiliga 400 million dollar kerak, ammo pulning yarmi tushgan xolos.
Buning oqibatida tashkilot yordam hajmini salkam yarmiga qisqartirishga majbur bo'ldi.
"Maktablarni oziq-ovqat bilan ta'minlashga chek qo'yildi. Bu bolalarni o'qishga jalb qilish uchun ishlab chiqilgan dastur edi. Chunki so'nggi paytda ayniqsa qizlar maktabga chiqmayotgan edi. Mana shunday, favqulodda bo'lmagan dasturlar vaqtincha kesildi", - deydi Gerant.
Jahon oziq-ovqat tashkiloti pulning katta qismini Qo'shma Shtatlardan oladi. Ammo Vashingtonda byudjetni qabul qilishga doir qiyinchiliklar tufayli xayriyaning katta qismi olinmadi, deydi Gerant. 2009-yilda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Jahon oziq-ovqat dasturiga 365 million dollar bergan edi. Bu yil esa atigi 110 million dollar ajratildi xolos.
Afg'oniston dunyodagi eng qashshoq davlatlardan bo'lib, qishloq xo'jaligi yaxshi rivojlanmagan. Bolalar orasida o'lim sur'ati yuqori, ko'plar to'yib ovqat yemaydi. Yegulik uchun ajratiladigan xalqaro yordam kamaysa, usiz ham nochor vaziyat yanada keskinlashadi.
"Ovqat va vitaminlar yetishmasligidan afg'onlarda bo'y o'sishi sust. So'nggi yillarda bu hol 50 dan ziyod foizga sekinlashgan", - deydi tashkilot vakili.
Qurg'oqchilikdan asosan Afg'oniston shimoli, shimoli-sharqi va markaziy qismlaridagi chorvador va dehqonlar zarar ko'rgan. Natijada qishdan chiqishga yetarli oziq-ovqat bo'lmaydi. Jahon oziq-ovqat tashkiloti xalqaro hamjamiyatdan zudlik bilan 200 million dollar ajratishni so'ramoqda.