Qonli fojia ketidan AQSh mudofaa vaziri Afg’onistonga safar qildi

  • Amerika Ovozi

Jalolobodda AQShga qarshi norozilik namoyishi, 13 mart 2012

Afg’onistonda so’nggi haftalarda ro’y bergan fojiali voqealar, xususan Qandahorda amerikalik askar 16 kishini otib o’ldirgani, Qo’shma Shtatlarni asosiy missiyadan chalg’itmaydi, deydi bugun Kobulga safar qilgan AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta.

Mudofaa vazirining safari afg’onlar orasida Amerikaga qarshi kayfiyat uchiga chiqqan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Pentagonning bildirishicha, Leon Panetta viloyat hokimlari va oqsoqollar bilan uchrashgan.

“Bu kabi voqealar har yerda ro’y berishi mumkin. Afg’oniston va AQSh xalqi begunoh insonlar o’limini qoralaydi. Sinovlarni yengib, ishni davom ettirishimiz zarur”, - deydi vazir.

11- mart kuni Qandahordagi bir qishloqda amerikalik askar 16 kishini, jumladan 9 bolani o’ldirib, jasadlarga o’t qo’ygan. Tolibon qasos olamiz, AQSh zobitlarining kallasini olamiz, deya dag’dag’a qilmoqda.

Bugun Qandahorda bomba o’rnatilgan mototsikl portlashi bir politsiyachini hayotdan olib ketdi. Hilmanddagi portlashda esa 8 fuqaro nobud bo’ldi.

Prezident Barak Obama “o’z fuqarolarimiz, farzandlarimiz halok bo’lganda puxta tergov o’tkazilgani kabi, bu voqeaga ham jiddiy yondashamiz”, - deydi.

“Javobgar shaxslar qonun oldida javob beradi. Afg’onistondagi qo’mondonlarga ishonchim baland. Ishni oxiriga yetkazamiz deb va’da berganmiz, qat’iy va’da”, - deydi prezident.

AQSh rasmiylari Qandahorda odamlarni otgan harbiy, 38 yoshli serjant bir o’zi harakatlanganini qayd etadi. Buni tasdiqlovchi video mahalliy tergovchilar qo’liga topshirilgan.

Afg’onistonning Jalolobod viloyatida bugun qotillikni qoralab, yuzlab talaba namoyishga chiqdi. Ular “Amerikaga o’lim”, “Obamaga o’lim” deya hayqirgan.