2014-yildan boshlab Afg’oniston o’z xavfsizligi uchun o’zi javobgar bo’ladi. Professional armiyani tayyorlash uchun ikki yilcha vaqt bor. Ayni paytda mamlakat bo’ylab politsiyachi guruhlar tuzilyapti. Ammo odamlarni bu tashabbusga jalb etish oson kechmayapti.
Tolibon qurol-yarog’ olib o’tadigan Marzak qishlog’i himoyasi uchun 100 nafar politsiyachi kerak. Qishloq oqsoqollari ko’ngillilar topiladi, deb ishontirgan edi. Ammo yanvar oxiriga kelib, atigi 50 erkak safga qo’shildi.
Viloyat politsiya boshlig’i Nur Xon bu ketishda maqsadga erisha olmaymiz deya xavotirda.
“Aynan shu qishloqdan ko’proq odam kerak bizga, chunki hamma bir-birini taniydi. Begonani darrov payqash mumkin”, - deydi u.
Xalqaro koalitsiya oqsoqollar bilan uzoq muzokara qildi, hatto uyma-uy yurib politsiyachi bo’lishni taklif etishdi. Bugun ham bir uchrashuv belgilangan.
Xering yo’lda uchragan yoshlarni posbon bo’lishga undaydi, ammo natijasiz. Mo’ysafidlar bilan suhbatdan quyidagini xulosa qilish mumkin:
“Marzak – Tolibon tez-tez qatnab turadigan joy. Aholi qo’rquvda. Xorijiy askarlar bilan hamkorlik qilsak, keyin bizni tinch qo’yishmaydi deb qo’rqishadi. Biz ularga “sizni tayyorgarlikdan o’tkazamiz, uyingizni, oilangizni o’zingiz himoya qila oladigan kuchga aylanasiz, shunda hech kim sizga tegmaydi” deb tushuntiryapmiz”, - deydi harbiy.
Ammo politsiyachi bo’lishga qiziqadigan hech kim topilmadi. Shunda afg’on harbiylari bir taklif bilan chiqdi.
Hech bo’lmasa 20 kishini topib bermasangiz, o’zingiz xizmatga yozilasiz, deb qishloq yetakchilariga shart qo’yildi. Ogohlantirish ish bergan ko’rinadi.
“Afg’on qurolli kuchlarini oyoqqa turg’azishning dastlabki bosqichidamiz. Xizmatga yozilasiz deb qattiq talab qo’yish bu jarayonga, mahalliy sharoitga xos narsa. Vaqt o’tishi bilan ko’proq odam o’z xohishi bilan politsiya safiga qo’shilishiga ishonamiz”.
Ammo bir savol javobsiz qolmoqda. 2014-yilda AQSh zobitlari Afg’onistondan ketgach, yangi politsiyachilar ishini bajara oladimi? Tolibonga qarshi qurol ko’taradimi?