Afg’oniston armiyasiga ishonsa bo’ladi deydi mahalliy generallar

  • Amerika Ovozi
Pokiston Afg’oniston bilan kelishuvga muvofiq, ayrim afg’on mahbuslarni, xususan, toliblarni ozod qilishga rozi. Rasmiy Kobul nazarida vatanda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Tolibonni qurollarni tashlashga ko’ndirish uchun muhim qadam bu. Necha kishi qo’yib yuborilishi hali aniq emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'oniston armiyasiga ishonsa bo'ladi deydi mahalliy generallar


Afg’onistonda aksariyat aholi fikricha, mamlakat to’g’ri yo’ldan ketayapti. Biroq, deyiladi bugun chiqqan yangi so’rovda, fuqaroning uchdan ikki qismi politsiya va armiya salohiyatiga ishonmaydi. Askarlar xolis, adolatli bo’lsa-da, xalqaro koalitsiya yordamisiz ishini eplashi gumon, deydi ular. So’rovni Amerikada asoslangan Osiyo jamg’armasi o’tkazgan.

Afg’oniston va AQSh rasmiylari bugun Kobulda muzokara qilib, 2014-yildan keyin xavfsizlik bobida nima qilish yuzasidan gaplashib oladi. Koalitsiya o’sha yili mamlakatni tark etishi kerak. Afg’oniston jamoatchiligi Qo’shma Shtatlar uzoq muddatli va sodiq hamkor bo’lib qoladi, degan umidda. Lekin Vashington muayyan shart va qoidalarga amal qilishi shart.

Mustaqil ekspertlar nazarida Afg’oniston qurolli kuchlari yurt mudofaasi uchun tayyor emas. O’z navbatida, mahalliy armiya va politsiya bu tasavvur yanglish ekanini isbotlashga harakat qilmoqda.

NATO hisob-kitobiga ko’ra, bu yil Afg’oniston armiyasini chorak qismi tark etgan. Uch ming askar yo yarador, yo nobud bo’lgan. Qurolli kuchlarga qo’shilayotgan fuqarolar malakasiz.

2014-yilda NATO harbiylari ketgach, Afg’oniston hukumati harbiy bazalarga, umuman harbiy obyektlarga ko’z-quloq bo’lib tura olmaydi. Holbuki, mamlakat tez orada o’ziga qo’yib beriladi.

Lekin Kobuldagi harbiy mashq markazi boshlig’i general Aminulla Patyaniyning aytishicha, zobitlar sekin-asta kuchga to’layapti.

“Askarlarga jang qilishni, razvedka bilan ishlashni o’rgatayapmiz”, - deydi general.

Afg’on mutasaddilarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, armiyani 40-50 ka yaqin malakali razvedkachi elakdan o’tkazmoqda. Qattiq ishlayapmiz, deydi ular.

Lekin boshqalar xavotirini yashirmaydi. Hali ham zaif armiya va hukumat bu mas’uliyatni ko’tara oladimi?

Sobiq harbiy va razvedkachi Javed Ko’histoniy Mudofaa vazirligi nima qilayotganini o’zi bilmaydi, deydi.

“Tolibon bilan muomala qilish yoki qo’shni davlatlar maxfiy xizmatlari bilan ishlash borasida muayyan reja ishlab chiqilmagan. Qurolli kuchlar tayyorgarligi avvalo ana shu strategiyaga asoslanishi lozim. Harbiylarga ruhiy dalda beradi bu”, - deydi u.

General Patyaniy qo’li ostidagi jangchilarga ishonadi:

“2014-yildan keyin Afg’oniston xavfsizlik kuchlari barbod bo’ladi deyish xato. Zobitlar puxta tayyorgarlikdan o’tgan, ruhi baland va davlatni har qanday xavfdan mudofaa qilishga qodir”.

Askarlar kelasi ikki yilda bu gaplar haqiqat ekanini isbotlashi kerak bo’ladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'on armiyasi nimaga qodir?/Afghanistan army


Afg'oniston, xalqaro koalitsiya va Tolibon