Avstraliyaga yo'l olgan muhojirlar jonini xavf ostiga qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi
Afg’oniston xorijga eng ko’p muhojir chiqaruvchi mamlakat. 2014-yil koalitsiya kuchlari mamlakatni tark etgach, Afg’onistonda vaziyat qanday bo’lishi mavhum. Shu bois muhojirlar orasida vatanga qaytish haqida qayg’urayotganlar kam. Aksincha, yurtidan bosh olib ketayotganlar soni oshishda davom etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'on muhojirlari, Behzod Muhammadiy


Avstraliyada yashashni orzu qiladigan afg’on muhojirlari, avvalo, Indoneziyaga keladi. Ular shu yerdan Avstraliyaga eltuvchi olis dengiz safariga otlanadi. Rasmiy Kanberraning ma’lum qilishicha, siyosiy boshpana izlab kelayotganlar soni yildan yilga oshib bormoqda va ular orasida eng katta guruh afg’onistonliklar.

Afg’on muhojirlari orasida yosh, o’qigan va tajribali kadrlar ko’p. Najibulloh ham ulardan biri.

“Avstraliyaga borishni istayman. Mening do’stlarim, sinfdoshlarim o’sha yerda. Ular ham ishlab, ham universitetda ta’lim olmoqda”, - deydi Najibulloh.

Avstraliyaga yetib borish xarajati 20 ming dollargacha tushishi mumkin. Ko’plab muhojirlar xavfli kemalarda yashirincha yo’lga chiqadi va har yili bunday safarlarda yuzlab odam ochikdan yoki cho’kib o’ladi.

Shunga qaramasdan, Avstraliyaga borish uchun o’z yurtini tark etayotgan afg’onlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Afg’oniston Ichki ishlar vazirligida Interpol bo’limini boshqarayotgan general Aminullo Amarxil buning sababini xorijiy kuchlarning chiqib ketishiga bog’laydi.

“Hozir, taxminan, 40-50 ming afg’on xorijiy kuchlarning xizmati bilan band. Ular ingliz tilini va kompyuterda ishlashni yaxshi biladi. NATO va xalqaro tashkilotlar ketsa, bu odamlar nafaqat ishsiz qoladi, balki bundan buyon Afg’onistonda qolish xavfli degan xulosaga keladi”, - deydi ichki ishlar rasmiysi.

Uch oy avval Muhammad Akramning 15 yashar o’g’li Yahyo qarindoshlari bilan Eronga ketgandi. U yerdan Turkiyaga o’tib, BMT maktabiga joylashdi. Buni men telefon qilganda eshitdim, deydi Muhammad Akram.

“Men unga BMT maktabida o’qishini davom ettirishini tayinladim. Ammo quloq solmadi. Turkiyaga borishdan maqsadi, aslida, Yevropaga o’tish edi”, - deydi ota.

Ertasiga Akram telefon orqali o’g’li bilan so’nggi bor gaplashdi. Yahyo otasi bilan xayrlashib, duo qilishini so’radi. Akram keyin bilsa, o’g’li 29 kishi bilan qayiqda safarga chiqqan va shu bo’yi yo’qolgan.

“Haligacha natija yo’q. O’ligini bo’lsa ham topinglar deb davlat odamlariga ko’p pul berdim. Hech narsa qo’llaridan kelmayapti”, - deydi ota.

Akram va uning oilasi nima qilishni bilmay boshlari qotgan. Farzandining loaqal jasadini topish ilinjidan hanuz voz kechgani yo’q.