Afg'onistonda 20-iyun kungi portlashlar kamida 24 odamni hayotdan olib ketdi. Yana chamasi 40 kishi jarohatlandi.
Eng qonli xuruj Kobulda sodir etilib, xudkush terrorchi miniavtobusning oldida o'zini portlatgan.
Afg'oniston Ichki ishlar vazirligi hisobicha, bu hujum 14 odamning boshini yegan. Toliblar xuruj ularning ishi ekanini da'vo qilmoqda.
Marhumlar nepallik soqchilar bo'lib, poytaxtdagi xorij firmasida ishlayotgan bo'lgan. Avtobus yonidagi portlashda yana to'rt afg'on yaralangan.
Oradan bir necha soat o'tib, shaharning boshqa qismida yo'l yoqasiga joylangan bomba portlagan. Yaradorlar orasida viloyat kengashi rasmiysi bor.
Badaxshondagi gavjum bozorda yangragan portlash yana kamida 10 odamni o'ldirgan. Jarohat olganlar bor.
Bu hujum erta tongda ro'y berib, asosan bozorda do'koni borlar jabr ko'rgan. O'lganlar orasida bolalar ham bor. Tolibon bu hamlaga aloqasi yo'qligini aytadi.
Hujumlar Afg'oniston parlamenti Prezident Ashraf G'ani mudofaa va razvedka idoralariga rahbarlikka taqdim etgan nomzodlarni tasdiqlagan kun ro'y berdi.
General Abdullaxon Habibiy Mudofaa vaziri, Masum Stanakzoy esa razvedka idorasiga rahbar etib tayinlandi.
G'ani hukumati mamlakatda xavfsizlik bilan bog'liq ahvol tobora og'irlashib borayotgani, Tolibon kuchga to'lib borayotgani uchun tanqidga qolgan.
G'ani ma'muriyati Kobul, asosiy tranzit yo'llari, viloyat markazlari, aksariyat tumanlarni nazorat qiladi. Toliblar esa Hilmand, sharqiy va janubi-g'arbiy viloyatlarni boy bermayapti.